Jamoat joyida mast yura ko‘rmang! IIVga yangi vakolatlar berilmoqda
Jamiyat
−
05 Oktabr 2020
44715Endilikda Ichki ishlar vazirligi xodimlari ko‘chalar, maydonlar, istirohat bog‘lari, vokzallar, aeroportlar va boshqa jamoat joylarida mastlik holatida yurgan shaxslarni tibbiy yordam ko‘rsatish punktiga olib boradi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasida aytilgan. Qaror matni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. Ushbu qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Mazkur hujjat qabul qilingudek bo‘lsa, Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlanadi. Nizom mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari faoliyatini tartibga soladi.
Qaror bilan mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari birinchi rahbarlarining buyruqlariga asosan respublikaning har bir tuman (shahar)laridagi sog‘liqni saqlash muassasalarida tashkil etiladi.
Quyidagilar tibbiy yordam ko‘rsatish punktlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
• mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni qabul qilish va saqlash;
• mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish;
• mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni hushyor holatga kelgandan so‘ng chiqarib yuborish.
Ichki ishlar vazirligi xodimlari:
• ko‘chalar, maydonlar, istirohat bog‘lari, vokzallar, aeroportlar va boshqa jamoat joylarida mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni tibbiy yordam ko‘rsatish punktiga olib boradi;
• o‘tkir zaharlanish simptomlari bilan behush, psixoz, ruhiy kasallikka chalingan, bosh miya va tan jarohati olgan, yoki hayoti va sog‘lig‘iga taxdid solayotgan boshqa holatlarda bo‘lgan shaxslar aniqlangan taqdirda, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushbu shaxslar aniqlangan joyga tez tibbiy yordam brigadasi chaqirtiriladi;
• ushbu holatdagi shaxslar hayoti va sog‘lig‘i saqlanishi ta’minlangan holda tez tibbiy yordam brigadasi tomonidan tegishli sog‘liqni saqlash muassasasiga yetkaziladi;
• mastlik holatida bo‘lgan va tibbiy yordamga muhtoj holatdagi jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish davomida ushbu shaxslarni qo‘riqlovga oladi.
Tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari:
• mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni ichki ishlar organlari xodimlarining murojaatiga ko‘ra qabul qiladi, maxsus jurnalga qayd etadi;
• mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni xonalarga joylashtiradi va qarindoshlariga xabar beradi;
• mastlik holatida bo‘lgan shaxsga tibbiy yordam ko‘rsatib, to‘liq hushyor holatga keltiradi;
• 12 soat davomida hushyor holatga kelmagan shaxslar uchun kasallik tarixi rasmiylashtiradi;
• mastlik holatida bo‘lgan shaxsda yaqqol og‘ir xastaliklar aniqlanib, reanimatsion tadbirlar amalga oshirilishi talab etilgan hollarda ularni tegishli davolash-profilaktika muassasalariga yuborish choralarini ko‘radi;
• yil davomida ikki marotaba olib kelingan shaxslarni profilaktik hisobga olish to‘g‘risida ichki ishlar organlari va narkologik muassasalarga habar beradi.
Qaror loyihasi muhokamasi joriy yilning 20 oktyabriga qadar davom etadi.
LiveBarchasi