Savdo urushi: Yevropa ham AQSHga nisbatan javob choralarini kechiktirdi
Olam
−
10 aprel
3137Yevropa Ittifoqi ham AQSHga nisbatan kiritilgan qarshi choralarni 90 kunga kechiktiradi. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Yevrokomissiya rahbariga ko‘ra, AQSH bilan o‘tkaziladigan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda, qarshi choralar qaytariladi.
“Biz muzokaralarga imkoniyat bermoqchimiz” deya yozgan fon der Lyayen.
Shu bilan birga, u keyingi qarshi choralar ustida ish davom etayotgani, Yevropa Ittifoqi barcha variantlarni ko‘rib chiqayotganini ham qo‘shimcha qilgan.
Yevrokomissiya bayonotiga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Trampning bojlar joriy etilishini 90 kunga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori jahon iqtisodiyotini barqarorlashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp ma’muriyati bilan savdo mojarosi chog‘ida Yevropa Ittifoqi davlatlari Amerika importiga birinchi javob bojlari to‘g‘risida kelishib olgandi va birinchi javob bojlari 15 apreldan kuchga kirishi kutilayotgani xabar qilingandi. Keyinroq AQSH Prezidenti Donald Tramp 90 kun davomida savdo bo‘yicha hamkorlarga nisbatan keng ko‘lamli bojlarni joriy etishni to‘xtatib turishini ma’lum qildi.