Savdo urushi qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lishi mumkin – To‘qayev
Olam
−
14 aprel
4436Global savdo urushini boshlash rejalari tufayli dunyoda murakkab vaziyat yuzaga kelmoqda. Bu haqda bugun, 14 aprel kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Chimkent shahri jamoatchiligi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z ochdi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu savdo urushi boshlangan taqdirda hamma mamlakat bundan aziyat chekadi.
“Global savdo urushini boshlash rejalari tufayli dunyoda murakkab vaziyat yuzaga kelmoqda. Agar shunday urush sodir bo‘lsa, uning oqibatlari barcha mamlakatlarga ta’sir qiladi. Bunga shubha yo‘q. Shu bilan birga, biz Prezident Trampning savdo mojarosiga aloqador barcha mamlakatlarning pozitsiyalarini aniqlashtirish va imkon qadar muzokaralarni boshlash uchun 90 kunlik moratoriy e’lon qilish haqidagi oqilona qarorini olqishlaymiz. Ekspertlarning ogohlantirishicha, o‘zaro tariflarning joriy etilishi jahon iqtisodiyotining jiddiy tanazzuliga sabab bo‘lishi va hatto qurolli to‘qnashuvlarga olib kelishi mumkin”, degan mamlakat rahbari.
Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, hafta boshida barcha asosiy indekslar minimal qiymatlarda bo‘lgan, neft esa bir barrel uchun 60 dollardan pastga tushgan. Biroq Amerika ma’muriyati tariflarni kechiktirishni e’lon qilgandan so‘ng, kotirovkalarning o‘sishi qayd etilgan.
“Hozir jahon fond bozorlari va xomashyo birjalarida misli ko‘rilmagan asabiylik hukm surmoqda, garchi barqarorlik belgilari hali ham mavjud. Ko‘rinib turibdiki, jahonda qat’iy tarif qarama-qarshiligi siyosatiga o‘tilmoqda. Bu yerda gap navbatdagi retsessiya haqida emas, balki butun xalqaro munosabatlar tizimi uchun og‘ir oqibatlarga olib keladigan, jahon iqtisodiyoti asoslariga ta’sir ko‘rsatadigan ehtimoliy fundamental inqiroz haqida bormoqda. Biz vaziyatni sinchkovlik bilan tahlil qilmoqdamiz va barcha ehtimoliy xavflarni hisobga olmoqdamiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, Qozog‘iston har tomonlama modernizatsiya qilish bo‘yicha belgilangan strategik yo‘ldan ortga qaytmaydi. Infratuzilma, transport, sanoat, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda yirik loyihalarni amalga oshirishni davom ettiramiz”, degan To‘qayev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat Bosh vaziri Oljas Bektenov, Milliy bank raisi Temur Sulaymonov va boshqa mas’ul shaxslar bilan xalqaro bozorlarda energiya resurslari hamda asosiy xomashyo narxlarining tarif mojarolari tufayli keskin pasayib ketganiga bog‘liq iqtisodiy vaziyat yuzasidan uchrashuv o‘tkazgan edi.
LiveBarchasi