Saudiyadagi Qur’on musobaqasida samarqandlik qori g‘olib bo‘lgani rostmi? Izoh berildi
Jamiyat
−
20 iyul 2023
31005Ijtimoiy tarmoqlarda Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Qur’on musobaqasida samarqandlik qori birinchi o‘rinni egallab, bosh sovrin 800 ming AQSH dollari sohibi bo‘lgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu ma’lumotlar asossiz bo‘lib, ayrim ijtimoiy tarmoq yurituvchilari feyk xabar tarqatish orqali keng jamoatchilikni chalg‘itishga urinmoqda.
Ma’lumotlar o‘rganilganda, joriy yilning 7 aprel kuni Saudiya Arabistonida Qur’on va azon musobaqasi bo‘lib o‘tgani va unda aslida Eron davlati fuqarosi Yunus Shohmurodiy tilovat yo‘nalishida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, keng tarqalgan Qur’on qiroati aks etgan videolavha ham aynan ushbu eronlik qoriga tegishli ekani o‘z tasdig‘ini topgan.
Bildirilishicha, asossiz, yolg‘on va haqiqatdan yiroq bo‘lgan xabarlarni ulashish va odamlarni asl vaziyatdan chalg‘itish Islom dinida gunohi kabira va amaldagi qonunchilikda esa javobgarlikka sabab bo‘ladi.
“Ijtimoiy tarmoqlardagi har qanday xabarlarni tarqatish, ommaga yetkazishda hushyorlikni oshirish, avvalo, ma’lumotlar aniqligi, ishonchligi va rasmiy manbadan olinganiga katta e’tibor qaratishni alohida ta’kidlaymiz”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi