Saudiyada Qurbon hayiti qachon nishonlanishi e’lon qilindi
Olam
−
08:22 12168 1 daqiqa
Saudiya Arabistoni Oliy sudi Zulhijja oyining hiloli mamlakat hududida ko‘ringanini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan bugun, 18 may kuni Zulhijja oyining birinchi kuni deb e’lon qilindi.
Sud bayonotiga ko‘ra, Arafa kuni 26 may, seshanba kuniga to‘g‘ri keladi, Qurbon hayitining birinchi kuni esa 27 may, chorshanbada nishonlanadi.
Qaror Oliy sud huzuridagi hilolni kuzatish bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishdan keyin qabul qilingan. Unda Zulhijja oyi hilolini ko‘rgan bir qator guvohlarning ko‘rsatmalari ko‘rib chiqilgan.
Bayonotda Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning hojilarga ko‘rsatayotgan xizmatlari uchun Allohdan ajr berishi so‘ralgan. Shuningdek, hojilarning Haj ibodatlarini yengil va xotirjam ado etishlari, ularning amallari qabul bo‘lishi hamda Saudiya Arabistonida xavfsizlik, barqarorlik va farovonlik saqlanishini tilab duo qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilda Qirg‘izistonda Qurbon hayiti bayrami 27 may kuni nishonlanishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi