Husiylar tavbasiga tayanadi: tarixiy kelishuv kuchga kirdi
Tahlil
−
19:17 2095 9 daqiqa
Tashkil etilganida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan, xalqaro maydonda “Musulmon NATOsi” deb e’tirof etilgan tuzilma va nihoyat chindan ishlashi mumkin. Joriy yilning 5 oktyabr kuni Anqara va Islomobod Makka pakti doirasida Saudiya Arabistonida harbiy kontingentlarini joylashtirishini ma’lum qildi. Bu esa o‘z navbatida husiylarga qarshi turishda Ar-Riyod yolg‘iz emasligini anglatadi.
Eronning “uchinchi qo‘li” hisoblanuvchi Yamandagi Ansarulloh harakati yoki boshqacha qilib aytganda, husiylar guruhi joriy yilning avgust oyidan boshlab Saudiya hududlariga jiddiy zarbalar bera boshlagan edi. Shu yilning 7 avgust kuni tuzilgan Makka pakti a’zolari uzoq muddatli sukutdan so‘ng va nihoyat ilk amaliy harakatga qo‘l urmoqda. Yangi blok sifatida og‘izlarda doston bo‘lgan tuzilma ana endi chindan qog‘ozdagi o‘zaro mudofaa kelishuvidan real harbiy ittifoqqa aylanishi mumkin.
Xo‘sh, bir yadroviy davlat va bir NATOchi o‘z ittifoqchisini himoya qila oladimi?
Eron proksilari Saudiyaga qarshi
AQSHning Erondagi harakatlari butkul nazoratdan chiqib ketdi. Hujumlardan oldin ishlangan rejalarning bari chippakka chiqdi. Hatto urushning chegaralari kengayib, Saudiya hududlariga ham yetib bordi.
7 avgust kuni Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston Makka shahrida qo‘shma mudofaa kelishuvini imzolagan edi. Uning asosiy tamoyili shundan iboratki, uch davlatdan biriga qarshi qurolli hujum qolgan ikki davlat xavfsizligiga ham tahdid sifatida ko‘riladi. Shu jihatdan kelishuv NATOning 5-moddasini eslatadi. Biroq Makka paktining to‘liq matni ommaga e’lon qilinmagan va uning aniq harbiy majburiyatlari butkul ma’lum emas.

Tuzilmani tashkil etishdan maqsadlar haqida ham turli farazlar mavjud. Kimdir buni musulmon olamining birlashuvi deb ko‘rsatsa, yana kimdir Yaqin Sharqdagi uch kuchning geosiyosiy maydonda yagona qudrat sifatida ko‘rsatishni asosiy ko‘zlangan vazifa sifatida talqin etadi. Sunniy davlatlarning bunday harbiy ittifoqidan maqsad AQSH Eronni mazhab jihatdan yolg‘izlatib qo‘yib, uni har tomondan o‘rab olmoqchi mazmunidagi tahlillar ham bo‘ldi. Bunday “bo‘g‘ish” esa Tehrondagi hukumatga yoqmagani aniq va natijada o‘rtaga Saudiyaning uzoq vaqtdan beri bosh og‘rig‘i bo‘lib kelayotgan husiylar harakati qo‘shildi.
Aslida husiylarning Saudiya Arabistoniga hujumlari Makka paktidan oldinroq boshlangan edi. Gap Eronning mintaqadagi ta’sirini saqlab turish uchun bo‘lib o‘tgan tarixiy harakatlar haqida emas, balki shu yilda sodir etilgan harbiy mojaro haqida ketmoqda.
Ilk hujumlar 13 iyul kuni boshlangan edi. Shu kuni husiylar Saudiya Arabistonining janubiy hududiga ballistik raketa orqali hujum uyushtirdi, biroq ushbu raketa Saudiya havo mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirildi. Bu 2022 yildagi sulhdan beri birinchi marta amalga oshirilgan harbiy harakatlar edi. Ammo muhim tomoni bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum emas, balki javob zarbasi bo‘lgan. Negaki, avvalroq Saudiya va AQSH hamkorligidagi koalitsiya Sana xalqaro aeroportiga zarba bergan edi. Shundan so‘ng Yaqin Sharqda yana bir front ochildi.
5 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni “Yaman tongi” nomli operatsiyani boshladi. Operatsiyadan maqsad Sanani qaytarib olish va Yamandagi husiylar nazoratiga chek qo‘yish ekanligi e’lon qilindi. 100 ga yaqin Saudiya samolyotlari operatsiya doirasida husiylarga aloqador yuzlab nishonlarga zarba bergan.
“Reuters” nashri xabariga ko‘ra, hukumat kuchlari Bob al-Mandab bo‘g‘ozi yaqinidagi qirg‘oq hududlarida oldinga siljishlar mavjud. Saudiya boshchiligidagi koalitsiya ham operatsiyada ishtirok etganini tasdiqlagan. Bu esa mojaro endi faqat raketa va dronlar almashinuvi bilan cheklanmay, quruqlikdagi janglar bilan ham keskinlashayotganini ko‘rsatadi.
Yaman Qurolli Kuchlari matbuot kotibi, brigada generali Yahyo Sariya esa Saudiya kuchlariga yetkazilgan talafotlar va zararlar ilgari kuzatilmagan darajada bo‘lganini bildirdi.
“Qurolli Kuchlar quruqlikda erishilgan barcha yutuqlar ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan, dushman targ‘iboti esa o‘z xo‘jayinlarining ishonchini qozonish uchun uydirma qahramonliklar haqida ertaklar to‘qimoqda”, deb yozadi u.

Yamandagi husiylarning o‘zi ham Saudiyaga qator hujumlarni davom ettirmoqda. Asosan uzoq masofali raketalar va “Samad” hamda “Qasef” turidagi kamikadze-dronlarga tayanayotgan Ansorulloh harakati ham Saudiya hududidagi neft infratuzilmalari, aeroportlar, harbiy bazalar va elektr stansiyalariga hujum uyushtirmoqda.
“Associated Press” nashrining xabariga ko‘ra, guruh Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroporti, Abxa aeroporti va Saudiyaning janubi-g‘arbidagi bir qator harbiy ob’ektlarga raketa hamda dronlar bilan hujum qilganini da’vo qilgan. Saudiya boshchiligidagi koalitsiya vakili esa Riyod shimolida bitta ballistik raketa tutib qolinganini ma’lum qildi.
Turkiya va Pokiston yordam bera oladimi?
Arabiston yarimorolidagi vaziyatning keskinlashishi fonida 25 sentyabr kuni Turkiya, Pokiston va Saudiya harbiy rahbarlari Riyodda shoshilinch muzokaralar o‘tkazgan edi. 5 oktyabr kuni esa tashqi ishlar va mudofaa vazirlari hamda harbiy qo‘mondonlar yana Saudiya poytaxtida yig‘ildi. Uchrashuv yakunida ittifoqning jamoaviy mudofaa majburiyatlarini amaliyotga tatbiq etish, zarur harbiy kuch va imkoniyatlarni Saudiya Arabistoniga tezkor joylashtirishga kelishildi.
“Qo‘mita jamoaviy mudofaa sohasidagi majburiyatlarni amalga oshirishga zudlik bilan kirishish va kelishilgan qurolli kuchlar hamda harbiy salohiyatni taqdim etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish, shuningdek, tasdiqlangan kelishuvlar va tomonlarning milliy qonunchiligiga muvofiq ularni podshohlik hududida tezkor joylashtirishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu bilan jangovar shaylik oshiriladi, harbiy integratsiya chuqurlashtiriladi va tahdidlarga qarshi turish hamda ularni qaytarish bo‘yicha jamoaviy salohiyat mustahkamlanadi”, deyiladi bayonotda.
Ammo e’lon qilingan kelishuvda Saudiya Arabistoniga qancha askar yuborilishi, qaysi harbiy qismlar jalb qilinishi yoki ular qachon to‘liq joylashtirilishi haqida aniq raqamlar keltirilmagan. Tomonlar harbiy kuchlar va imkoniyatlarni tezkor joylashtirishga kelishgan, xolos.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Saudiyaga aynan qanday yordam berilishi batafsil muhokama qilinganini aytgan bo‘lsa-da, yakuniy qarorga ko‘ra, yuboriladigan harbiy kuchlar va ularga yuklatilgan vazifa haqida aniq tafsilotlarni ochiqlamagan.
“Biz Saudiya Arabistoni mudofaasiga qanday yordam ko‘rsatish mumkinligi va muammoni tinch yo‘l bilan, muloqot orqali hal qilish uchun nimalar qilish mumkinligini batafsil va har tomonlama muhokama qildik”, deydi u.
7 oktyabr kuni “Reuters” ikki turk rasmiysiga tayanib, Anqara Saudiya Arabistoniga asosan texnik va mudofaa yordami yuborayotganini xabar qildi. Bu yordam tarkibida harbiy texnika, razvedka ma’lumotlari, qurol tizimlari, dron operatorlari, logistika va havo mudofaasini takomillashtirish bo‘yicha ko‘mak borligi aytilmoqda. Ammo Turkiya hozircha Makka pakti doirasida Saudiya hududiga katta miqdorda jangovar qo‘shin kiritgani haqida rasman ma’lumot bermagan.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan esa Yaman masalasini diplomatiya va muloqot orqali hal qilish imkoniyatlarini ham muhokama qilganini ta’kidladi. Bu esa Makka paktining ko‘p maqtalgan 4-moddasidan qochishdek ko‘rinadi. Negaki, Turkiya Yaman urushida bevosita jang qiladigan tomon sifatida qatnashishni istamaydi. Shuningdek, Erdo‘g‘an hukumati Eron bilan ham munosabatlarni saqlab kelmoqda. Husiylarning asosiy tashqi tayanchlaridan biri sifatida ko‘riladigan Tehronga qarshi Saudiya bilan birga to‘liq harbiy kampaniyaga kirishish Turkiyaning mintaqadagi boshqa diplomatik hisob-kitoblarini murakkablashtirishi mumkin.
“The National” nashrining tahlillariga ko‘ra, Turkiya katta ehtimol bilan Yaman ichkarisiga qo‘shin kiritmaydi, buning o‘rniga havo va raketa mudofaasi, razvedka, harbiy maslahat va logistika kabi yo‘nalishlarda yordam berishi mumkin.
Pokistonning holati esa biroz boshqacha. Islomobod Saudiya Arabistoni bilan anchadan beri harbiy hamkorlik qilib keladi. Hatto Makka pakti tuzilishidan oldin ham Saudiya hududida pokistonlik harbiylar bo‘lgan. May oyida Pokiston Saudiya Arabistonida 8 mingga yaqin harbiy, taxminan 16 ta JF-17 qiruvchisi, ikki dron eskadrilyasi va Xitoyda ishlab chiqarilgan HQ-9 havo mudofaa tizimini joylashtirgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu kuchlarning katta qismi husiylarga qarshi kurashda faol ishtirok etishi mumkin.
Qizig‘i, Pokistonning ham hozircha yangi urushga sho‘ng‘ishga shoshilayotgani ko‘rinmaydi. Islomobod Makka paktining ishga tushirilishini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, harbiy joylashtirishning aniq miqdori va operatsion tafsilotlarini oshkor qilmagan. Pokiston rasmiylari bunday ma’lumotlar operatsion maxfiylikka tegishli ekanini bildirgan.
“Ularga qanday yordam kerak bo‘lsa, shu ko‘rsatilmoqda. Ammo hozirda Turkiya va Pokiston armiyalari qo‘llab-quvvatlovchi rol o‘ynamoqda”, dedi Pokiston delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan mudofaa vaziri Xavaja Osif.
Shuningdek, Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Osif bu yerda diniy faktor borligini, Makka pakti kabi kelishuv bo‘lmagan taqdirda ham Saudiya qo‘llab-quvvatlanishini alohida e’tirof etdi.
“Agar kelishuv bo‘lmaganida va Saudiya Arabistoniga hujum qilinganida, ayniqsa Makka va Madinaning muqaddas shaharlariga xavf solinsa, biz abadiy kelishuvga bog‘langanmiz, ya’ni biz Allohning uyi va Madinani himoya qilamiz. Ularni himoya qilish bizning diniy burchimizdir. Ha, dunyoviy kelishuvlar mavjud va ularning muqaddasligi bor, biz ham ularni hurmat qilamiz, lekin agar Allohning uyiga yoki Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom tug‘ilgan joyga hujum qilinsa, unda biron-bir joyda o‘tirgan musulmon oxir-oqibat birorta kelishuvni kutishga majbur bo‘lmaydi. Uni himoya qilish – bu bizning diniy burchimiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Shunga qaramay, hali Islomobod tomondan ham pakt doirasida qo‘shimcha harbiy kuchlarni jo‘natish masalasi aniq ko‘rsatilmagan.
Albatta, bu ehtiyotkorlikning sababi bor. Pokiston bir tomondan Saudiya Arabistonining yaqin harbiy hamkori, ikkinchi tomondan esa Eron bilan chegaradosh davlat va Tehron bilan muloqot kanallarini saqlab qolishga urinayotgan mamlakat. Uning Tehron bilan munosabatlari nafaqat qo‘shnichilik, balki AQSH bilan bo‘layotgan urushda sulh o‘rnatuvchi neytral tomon sifatida ham mavjud. Agar Pokiston armiyasi Yaman hududida husiylarga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri jang qilsa, Islomobodning vositachilik imkoniyatlari va Eron bilan munosabatlari jiddiy zarar ko‘rishi mumkin.
Shunga qaramay, islom olami birlasha olmayapti, pakt ishlamayapti degan salbiy fikrni yoyishdan yiroqmiz. Aslida bu yordamning o‘zi ham Saudiyaga sezilarli ustunlik berishi mumkin. Sababi husiylarning asosiy quroli raketalar va dronlardir. Demak, ularga qarshi kurashda Saudiya uchun yana minglab piyoda askardan ko‘ra, havo mudofaasi, radarlar, razvedka, uchuvchisiz apparatlar, elektron kuzatuv va nishonni aniqlash tizimlari muhimroq bo‘lishi mumkin. Turkiyaning texnologik imkoniyatlari va Pokistonning uzoq yillik Saudiya bilan harbiy hamkorligi bu yerda asqatishi aniq.
Biroq muammo Saudiya osmonini himoya qilish bilangina tugamaydi. Hozir Yaman ichkarisida ham janglar kuchaygan. Saudiya qo‘llab-quvvatlayotgan hukumat kuchlari husiylar nazoratidagi hududlarni qaytarish uchun hujum boshlagan. Janglarning markazida esa strategik Bob al-Mandab bo‘g‘ozi turibdi. Bu Qizil dengizni Adan qo‘ltig‘i bilan bog‘laydigan va xalqaro savdo hamda energetika oqimi uchun muhim dengiz yo‘li.
Garchi Saudiyaning mudofaasi ishonchli qo‘llarda bo‘lsa-da, husiylarga qarshi kurashish va muhim strategik nuqtalarni egallashda arab qo‘shinlariga yordam kerak bo‘lishi mumkin. Ittifoqchilarning faqat mudofaa zonasi bilan cheklanishi esa Makka paktini NATOning Sharqdagi muqobili sifatida namoyon bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Makka pakti – bu mudofaa kelishuvi, hujum kelishuvi emas. Ittifoqni harbiy blok sifatida ko‘rish qiyin, uni NATOga qiyoslash ham to‘g‘ri emas. Ammo bir narsa aniq: ushbu tuzilmaning istiqboli aynan shu urush davrida sinovdan o‘tadi.
Live
Barchasi