Saudiya Arabistoni turistlarni qachondan qabul qilishi ma’lum bo‘ldi 

Olam

image

Ertaga, 1 avgustdan boshlab, Saudiya Arabistonida tasdiqlangan har qanday vaksina bilan koronavirusga qarshi ikki marta emlangan turistik viza egalariga mamlakatga tashrif buyurishga yana ruxsat beriladi. Bu haqda mamlakat Turizm vazirligi o‘zining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilgan. 

“2021 yil 1 avgustdan boshlab koronavirusga qarshi emlangan turistik viza egalari uchun qirollikka kirishga qo‘yilgan cheklov olib tashlanadi. Ular emlanganlik sertifikatini taqdim etsa, majburiy karantindan o‘tishi shart bo‘lmaydi”, deyilgan xabarda. 

Shuningdek, turistlar Saudiya Arabistoniga kelishidan 72 soat oldin COVID-19 uchun PZR tekshiruvidan o‘tishi kerakligi ta’kidlangan. 

Hozirgi kunga qadar mamlakat rasmiylari qirollikda foydalanish uchun koronavirusga qarshi to‘rtta vaksina — Moderna, Johnson & Johnson, AstraZeneca va Pfizer/BioNTech’ni ma’qullagan. 

Ma’lumot o‘rnida, Saudiya Arabistoni 2019 yil sentyabr oyida maxsus turistik vizalarini berishni boshlagan. Turizm vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, olti oy ichida kamida 400 mingta bunday viza berilgan, lekin 2020 yil mart oyida qirollikda koronavirus infeksiyasi tarqalishi yuqori bo‘lgani sababli ularni berish to‘xtatilgan. 

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 34,2 million aholisi bo‘lgan Saudiya Arabistonida pandemiya boshlanganidan beri 523 397 ta COVID-19 holatlari qayd etilgan, 8 212 bemor infeksiya ta’siridan vafot etgan. Hozirda qirollikda jami 11 358 kishi davolanmoqda, ulardan 1 395 nafarining ahvoli og‘ir.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni

Baholaganlar

125

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing