Saudiya husiylar zarbalari ortidan xavfsizlik ogohlantirishlarini e’lon qildi

Olam

image

Saudiya Arabistoni kecha, 15 sentyabr kuni mamlakatning bir qator hududlarida, jumladan muqaddas Makka shahri va mamlakatning ikkinchi yirik shahri Jiddada xavfsizlik ogohlantirishlarini e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ogohlantirishlar Eron bilan ittifoqchi jangarilarning bir hafta davomida qilgan hujumlari ortdan berilgan. Bu hujumlar Saudiya Arabistonini Yaqin Sharqdagi urushga yanada chuqurroq jalb qildi.

Ogohlantirishlar ko‘p o‘tmay bekor qilingan. Saudiya rasmiylari hududga uchib kelgan snaryadlardan birortasi yerga tushgan-tushmaganini darhol ma’lum qilmagan, shuningdek, hujumlar uchun mas’uliyatni hech kim o‘z zimmasiga olmagan.

Biroq bu ogohlantirishlar o‘tgan hafta mojaro kuchayganidan beri eng keng qamrovlisi bo‘lgan. Makkada xavfsizlik bo‘yicha ogohlantirish berilishi esa urush boshlanganidan beri birinchi marta qayd etilgan. Shaharda barcha musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan ziyoratgohlar joylashgan.

Eron bilan ittifoqchi husiylar so‘nggi kunlarda Yamanning Qizil dengiz sohilidagi Bob al-Mandab bo‘g‘oziga qaragan hududlarning bir qismini nazoratga olgan. Bu dunyodagi eng muhim dengiz yo‘laklaridan biri bo‘lib, Hormuz bo‘g‘ozi orqali tashishlar izdan chiqqan bir paytda Saudiya nefti eksportiga tahdid solmoqda.

AQSHning aralashishga ehtiyotkorligi

Saudiya Arabistoni 2015 yildan beri husiylarga qarshi kurashayotgan koalitsiyaga boshchilik qiladi. So‘nggi yillarda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi tufayli mojaro asosan tinchib turgan edi, ammo husiylar xalqaro hamjamiyat tan olgan Yaman hukumatiga sodiq kuchlarni siqib chiqara boshlaganidan keyin janglar shu oyda yana avj oldi.

Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon 15 sentyabr kuni Qohirada Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy bilan uchrashgan. Misr Prezidenti matbuot xizmati uchrashuvdan keyin tarqatgan bayonotda ikki rahbar Bob al-Mandab va Qizil dengizda kemalar qatnovi erkinligi va xavfsizligini ta’minlash zarurligini ta’kidlagani aytilgan.

Valiahd shahzoda 14 sentyabr kuni Jiddada AQSHning mintaqaviy harbiy qo‘mondoni admiral Bred Kuper bilan uchrashgan. U o‘tgan hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatlashib, harbiy yordam so‘ragan edi. Hozircha AQSHning yordami razvedka ma’lumotlarini taqdim etish bilan cheklangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoniga Yamandagi Eron qo‘llab-quvvatlayotgan husiylar tomonidan uyushtirilgan hujumlar oqibatida kamida 73 kishi jarohatlangandi. 

Buning ortidan husiylari 14 sentyabr kuni Saudiya Arabistoniga yangi raketa va dron hujumlarini amalga oshirib, mintaqadagi vaziyatni yanada keskinlashtirganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing