Husiylar Saudiyaga hujumlarni kuchaytirdi. Tinch aholiga zarar yetdi
Olam
−
08:10 1980 2 daqiqa
Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan husiylari kecha, 14 sentyabr kuni Saudiya Arabistoniga yangi raketa va dron hujumlarini amalga oshirib, mintaqadagi vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, husiylar Saudiya Arabistoni janubidagi Xamis-Mushayt shahrida joylashgan harbiy havo bazasiga raketa va dronlar orqali hujum qilgan. Hujum oqibatida 13 nafar tinch aholi jarohatlangan.
Husiylar, shuningdek, Yamanning Qizil dengiz sohilidagi hududlar, jumladan, Perim oroli ustidan nazoratni mustahkamlamoqda. Bu esa mintaqadagi taranglikni kuchaytirib, neft eksporti va dengiz orqali tashish yo‘llariga tahdidni oshirmoqda.
Hujumlar Saudiya Arabistonining muhim Sharq – G‘arb neft quvuriga yetkazilgan zarardan keyin sodir bo‘lgan. Mazkur quvur Hormuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tish imkonini beruvchi muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib, uning uzoq vaqt ishlamay qolishi jahon neft ta’minotining 4 foizigacha ta’sir qilishi mumkin.
Vaziyatning keskinlashishiga qaramay, Saudiya Arabistoni va Yaman o‘rtasidagi havo hujumlari davom etmoqda, husiylar esa Yamanning Qizil dengiz sohilida muhim hududlarni nazorat qilishda davom etmoqda.
AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonining to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatish haqidagi murojaatini rad etgan. Vashington mintaqadagi mojaroni yanada kengaytirish xavfi borligidan xavotir bildirmoqda.
Shu bilan birga, Eron va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasida Ummon vositachiligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralar qoldirilgan. Bu esa Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha diplomatik kelishuvlarga erishish umidlarini pasaytirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoniga Yamandagi Eron qo‘llab-quvvatlayotgan husiylar tomonidan uyushtirilgan hujumlar oqibatida kamida 73 kishi jarohatlangandi.
Live
Barchasi