Saturnning janubiy qutbida o‘n burchakli gigant tuzilma topildi
Bu qiziq
−
13:08 741 2 daqiqa
“Xabbl” kosmik teleskopi Saturnning janubiy qutbi yaqinida o‘n burchak (dekagon) shaklidagi yangi atmosfera hosilasini qayd etdi. Bu haqdagi tadqiqot “ScienceDaily” jurnalida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, NASA’ning Goddard nomidagi kosmik parvozlar markazi va Basklar mamlakati universiteti astronomlari “Xabbl” kosmik teleskopi suratlarini hamda Saturnning janubiy qutbida ilk bor aniqlangan gigant atmosfera to‘lqinini o‘rganib chiqqan. 40 yildan ortiq vaqtdan beri kuzatilayotgan mashhur shimoliy geksagondan farqli o‘laroq, o‘n burchakli tuzilma yaqinda shakllangan.

To‘lqinsimon chiziq shaklidagi hosilaning ilk belgilarini havaskor astronomlar Trevor Berri va Jan-Pol Oje 2024 yilda OPAL loyihasi ma’lumotlarini o‘rganish jarayonida payqagan. Keyinchalik “Xabbl” teleskopining 2025 yilgi suratlari bu tuzilma aniq o‘n burchakli shaklga aylanganini tasdiqlagan. Basklar mamlakati universitetidan tadqiqot rahbari Agustin Sanches-Laveganing so‘zlariga ko‘ra, olimlar 1990 yildan beri shimoliy geksagonning analogini qidirgan, ammo “Kassini” kabi apparatlar bunga o‘xshash hech narsani qayd etmagan.
Suratlar to‘lqinning oqimi ichida joylashganini va atmosferaning bir nechta qatlamini birdaniga qamrab olgan holda uning ichkarisiga chuqur kirib borishini ko‘rsatgan. NASA tadqiqotchisi Emi Saymonning ta’kidlashicha, asosiy jumboq – bu tuzilmaning so‘nggi bir necha yil ichida to‘satdan paydo bo‘lish sabablarida. Olimlar dekagon doimiy ob’ekt bo‘lib qoladimi yoki vaqt o‘tishi bilan tarqalib ketadimi – shuni tushunish uchun “Jeyms Uebb” teleskopi yordamida kuzatuvlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA Floridadagi Kennedi nomidagi kosmodromdan qiymati taxminan 4 milliard dollarga teng yangi “Nancy Grace Roman Space Telescope” kosmik teleskopini fazoga uchirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi