Olimlar Saturn yo‘ldoshida yashay oladigan mikroorganizmni topdi

Olam

−

image

Nemis olimlari Saturnning Enselad yo‘ldoshidagi muz osti okeanida ayrim mikroorganizmlar yashashi mumkinligini laboratoriya tajribasida ko‘rsatdi. Bu haqda DW xabar berdi.

Qayd etilishicha, Lyudvig-Maksimilian nomidagi Myunxen universiteti (LMU), Regensburg universiteti hamda Berlin erkin universiteti tadqiqotchilari Ensaladdagi sharoitlarni maxsus laboratoriya kamerasida qayta yaratgan.

Tajriba davomida Yerning chuqur suvli hududlarida yashaydigan arxey deb ataluvchi bir hujayrali mikroorganizm ushbu muhitga joylashtirilgan. Mazkur organizm energiya olish uchun vodorod va karbonat angidriddan foydalanishi mumkin.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, arxey modellashtirilgan sharoitda o‘sishda davom etgan va vodoroddan foydalanib metan ishlab chiqargan. Vodorod esa suv va tog‘ jinslari o‘rtasidagi kimyoviy reaksiyalar natijasida hosil bo‘lgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, mikroorganizm Enselad muhitidagi karbonat angidrid miqdori past bo‘lishiga moslasha olgan va mavjud gazning juda kam miqdoridan ham metabolizmi uchun foydalana olgan.

“Bizning tadqiqotimiz Enseladda hayot mavjudligini isbotlamaydi. Biroq yo‘ldoshning asosiy geokimyoviy xususiyatlari eng qadimgi hayot shakllaridan biriga xos moddalar almashinuvi jarayoni uchun sharoit yaratishi mumkinligini ko‘rsatadi”, deya qayd etgan tadqiqot mualliflaridan biri, geobiolog Uilyam O‘rsi.

Olimlarning fikricha, Enseladning muz qobig‘i ostida suyuq suvdan iborat okean, uning tubida esa toshli yadro mavjud bo‘lishi mumkin. Shu sababli Saturnning mazkur yo‘ldoshi Yerdan tashqarida hayot izlash uchun istiqbolli ob’ektlardan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda ulkan radioteleskop yordamida olib borilgan chuqur kuzatuvlar davomida boshqa bir sivilizatsiyaga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan sirli signal aniqlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing