SAT sertifikati egalariga qo‘shimcha grant shartlari e’lon qilindi
Jamiyat
−
24 iyun 1274 2 daqiqa
2026/2027-o‘quv yilida abituriyentlarni oliy ta’lim tashkilotlariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilishda “College Board” tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan “Scholastic Aptitude Test – SAT” sertifikatini qo‘llash shartlari belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Scholastic Aptitude Test – SAT” sertifikatiga (1200 va undan yuqori ball) ega bo‘lgan abituriyentlar uchun qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari oliy ta’lim tashkilotining kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha fanlar majmuasi (ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan) “matematika” va “chet tili” fanlari bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari qabul parametrining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Bunda:
- qabul parametrining 50 foizi butun son bo‘lmagan holatda ushbu bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichi yuqori songa yaxlitlangan holda belgilanadi;
- ro‘yxatdan o‘tishda fanlar majmuasi sifatida “matematika” va “chet tili” fanlarini tanlagan hamda SAT sertifikati 2026 yil 25 iyun kuniga qadar (shu kuni ham) DI kod orqali Bilim va malakalarni baholash agentligiga kelib tushgan abituriyentlarga belgilangan imtiyoz tatbiq etiladi;
- abituriyentlarning SAT sertifikati bo‘yicha ballari ularni qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qabul qilishda asosiy mezon hisoblanadi;
- abituriyentlar tanlagan beshtagacha oliy ta’lim tashkiloti, bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga SAT sertifikati bo‘yicha ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi;
- ajratilgan qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichining quyi chegarasidagi abituriyentning SAT sertifikati bo‘yicha baliga undan keyingi abituriyent(lar)ning bal(lar)i teng bo‘lib qolgan taqdirda, ushbu abituriyent(lar) ham ushbu bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga talabalikka tavsiya etiladi;
- SAT sertifikatiga ega abituriyentlarga ushbu imtiyozdan foydalanish yoki imtiyozdan foydalanmasdan test sinovi natijasiga ko‘ra umumiy tartibda tanlovda ishtirok etish imkoniyati yaratiladi;
- SAT sertifikatiga ega, biroq ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan beshtagacha yo‘nalishga talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarga, vakant (bo‘sh) qolgan qo‘shimcha grant joylariga kirish imtihonlari natijalari e’lon qilingan sanadan bir haftadan so‘ng bir hafta muddat davomida qayta ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi;
- Bilim va malakalarni baholash agentligining qaydnomalari ushbu abituriyentlarni talabalikka qabul qilish bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun asos bo‘ladi.
Live
Barchasi24 iyun