SAT imtihonidan yuqori ball olgan yoshlarga oliygohga kirishda grant beriladi - Prezident
Jamiyat
−
28 iyun
9331Bugun, 28 iyun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi hamda yoshlar bilan muloqot bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, yangi o‘quv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-level” dasturlari joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.
“Yoshlarimiz xorijiy oliygohlarda o‘qish uchun matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash bo‘yicha “SAT ” imtihonini topshirmoqda. Bu testlarda 75 foizdan yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar chet elning eng nufuzli oliygohlariga grant yutyapti. Endi bunday yoshlarni o‘zimizning oliygohlarga ham grantga qabul qilamiz”, deydi Prezident.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan yoshlarga chet tilidan imtihon topshirish yengillashadi. Jumladan, chet tili bo‘yicha milliy sertifikat (CEFR) olishda qo‘lda yozish imkoniyati bo‘lmaganlarga kompyuterda imtihon topshirish sharoiti yaratiladi.
Qayd etilishicha, yoshlar xalqaro olimpiadalarning nazariy qismida har doim yuqori natijalarga erishadi. Lekin laboratoriya mashqlarini bajarishda amaliy ko‘nikmalar kam bo‘lgani uchun pastroq ball olyapti. Endi Prezident maktablari agentligi qoshida “Olimpiadalarga tayyorlash markazi” ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa reja asosida ushbu markazda tayyorgarlik ko‘radi.
Yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirish uchun har yili 100 million dollar ajratiladi. Investitsiya vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi Yoshlar agentligiga o‘tkaziladi.
Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan, fidoyi yosh tadbirkorlar jamg‘arma kengashiga kiradi. Jamg‘arma rahbarini ham ushbu yoshlarni o‘zi saylaydi.
Jamg‘arma, yoshlarning eng yaxshi 500 ta loyihasini tanlab oladi va ularga “biznes paket” qilib beradi, loyihani tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonida ko‘maklashadi, bozorini topadi. Jamg‘arma bu yerdagi yoshlarning startaplariga uch yilga 100 million so‘mgacha ssuda beradi. Ushbu yosh tadbirkorlarga faoliyatini kengaytirish va aylanma uchun keyinchalik 100 million so‘m imtiyozli kredit beriladi.
Shuningdek:
- Magistral yo‘llar bo‘yida 50 mingta ko‘chma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi. Bunda dastlabki 6 oyda yoshlarga ijara haqi va soliqdan imtiyoz beriladi.
- Tadbirkorlar ham yoshlar uchun bunday loyiha qilaman desa, jamg‘arma ularning kredit foizini qisman qoplab beradi. Ushbu maqsadlarga ham 10 million dollar ajratiladi.
- Shuningdek, dehqonchilikni yangidan boshlagan 150 ming yoshlarga tajribali fermerlar va usta dehqonlar biriktirilib, serdaromad va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga o‘rgatiladi
- Har bir istirohat bog‘i, sayilgoh va xiyobonlarga bepul Wi-Fi o‘rnatiladi.
LiveBarchasi