Sardor Umurzoqov uzoq tanaffusdan keyin ilk bor O‘zbekiston nomidan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi
Jamiyat
−
26 fevral
18420O‘zbekiston Prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umurzoqov Xitoy poytaxti Pekinda qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Bu haqda “Sinxua” agentligi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Umurzoqov 24 fevral kuni Pekinda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Lyu Szyanchao bilan uchrashgan.
“Tomonlar ikki davlat rahbarlari erishgan muhim kelishuvlarni amalga oshirish, partiyalararo almashinuvni kuchaytirish, davlat boshqaruvi sohasida o‘zaro tajriba almashishni chuqurlashtirish va Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini sifatli rivojlantirishga ko‘maklashish yuzasidan fikr almashdi”, deyiladi xabarda.
Kecha, 25 fevral kuni esa Sardor Umurzoqov Xitoy Kommunistik partiyasi Siyosiy byurosi a’zosi, Markaziy qo‘mita targ‘ibot bo‘limi mudiri Li Shuley bilan uchrashdi.
Li Shuleyning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili ikki davlat rahbarlari Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini yangi tarixiy cho‘qqi – yangi davrda har tomonlama keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishlarini ma’lum qilgan.
“Xitoy O‘zbekiston bilan ikki davlat rahbarlari erishgan muhim konsensusni amalga oshirish, partiyalararo almashinuvni faollashtirish, madaniy-gumanitar almashinuv va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni chuqurlashtirish, ikki tomonlama munosabatlarni sifatli rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyor”, deya qo‘shimcha qildi u.
O‘z navbatida, Sardor Umurzoqov O‘zbekiston Xitoy bilan barcha sohalarda almashuv va hamkorlikni mustahkamlashga, shuningdek, ikki davlat rahbarlari belgilagan yo‘nalishda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning 16 iyulidan 2023 yilning 17 avgustigacha Prezident Administratsiyasi rahbari sifatida ishlagan Umurzoqov ushbu lavozim tugatilganidan keyin Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangandi. Biroq shundan keyin u jamoatchilikka kam ko‘rinish berdi. Oxirgi marta u o‘tgan yilning iyul oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti va Gruziyaning sobiq bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili bilan uchrashgani jamoatchilikka ma’lum bo‘lgandi.
LiveBarchasi