Sardor Umurzoqovga qo‘shimcha vakolatlar berildi
Jamiyat
−
02 yanvar
53962O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisiga qo‘shimcha vakolatlar berildi. Bu haqda 2024 yil 31 dekabrda qabul qilingan “Mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish sohalaridagi strategik tahlil va tadqiqot qilish faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, Tahliliy va tadqiqot tuzilmalar faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi. Ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategik tahliliy hujjatlarni hamda mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga oid takliflarni muntazam ravishda Prezidentga kiritib borish Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash ichki va tashqi siyosat jarayonlari bo‘yicha strategik tadqiqotlarni tashkil qilish hamda ularni o‘tkazishning barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, umumiy muvofiqlashtirish hamda idoralararo hamkorlikni ta’minlash Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi tomonidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilmasida quyidagi yo‘nalishlarga mas’ul bo‘lgan ishchi guruhlar tashkil qilinadi:
- xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlik;
- davlat va jamiyat qurilishi;
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish;
- tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik;
- hududlarni strategik rejalashtirish va rivojlantirish;
- ekologik kun tartibi, shu jumladan iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi masalalari.
Ma’lumot uchun, 2023 yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari lavozimi tugatilganidan so‘ng Sardor Umurzoqov Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan. Undan boshqa odamning ushbu lavozimga tayinlangani haqida ma’lumotlar mavjud emas.
LiveBarchasi