Sardor Rahimxon “Vaqf” fondi rahbari o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi
Jamiyat
−
01 noyabr 2023
8440Sobiq xonanda va “Yurak amri” xayriya fondi faoliyati bilan ko‘pchilikka tanish bo‘lgan Sardor Rahimxon “Vaqf” fondi rahbari o‘rinbosari – “Vaqf” xayriya ishlari bo‘yicha direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan rasmiy bayonot berildi.
Qayd etilishicha, bugun, 1 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi a’zolarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda kelgusidagi rejalar va tashkiliy masala ko‘rilgan.
Fond boshqaruvi rahbari Isaxon Abdullayev tomonidan yordamga muhtoj kishilarga ko‘mak berish, nogironlarga mehr ko‘rsatish, kambag‘al oilalar holidan xabar olish, quduq qazish hamda ilm-fanga oid innovatsion loyihalar hamda talabalarni qo‘llab-quvvatlash kabi xayriya ishlarini kengaytirishga alohida urg‘u qaratilgan.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rilgan. Fondning xayriya aksiyalarini ommalashtirish maqsadida, mehr-muruvvat ishlarini uyushtirish, nogiron bolalarga yordam qo‘lini cho‘zish va sinovli kunlarda ko‘ngli yarim insonlar qalbiga yo‘l topishda “Yurak amri” nomli xayriya ishlari bilan tanilgan Sardor Rahimxon (Sanjar Rahimov) Fond rahbari o‘rinbosari – “Vaqf” xayriya ishlari bo‘yicha direktor lavozimiga tayinlangani e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 4 may kuni Sardor Rahimxon rahbarligidagi "Yurak amri" xayriya fondi faoliyatini to‘xtatgan edi. Oradan qariyb bir yil o‘tib, 2023 yilning aprel oyida, Rahimxon, fond faoliyati tiklanganini bildirdi, biroq o‘tgan muddat davomida fondning biror ish bilan shug‘ullangani haqida ma’lumot yo‘q.
LiveBarchasi