Sardor Rahimxon O‘zbekistonga qaytyapti. “Yurak amri” faoliyati tiklandi
Jamiyat
−
09 aprel 2023
276792022 yilning may oyida Sardor Rahimxon boshchiligidagi “Yurak amri” fondi o‘z faoliyatini to‘xtatgan edi. Shundan so‘ng Sardor Rahimxon Turkiyaga ko‘chib o‘tdi va so‘nggi 7 oy davomida Istanbul shahrida istiqomat qilib kelayotgan edi. Ayni vaqtda u Toshkentga qaytmoqda.
Rahimxon ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali “Yurak amri” fondi yana O‘zbekistonda faoliyatini tiklayotganini ma’lum qildi.
U o‘tgan yetti oy davomida “Yurak amri” fondi faoliyatini Turkiyada tashkil qildi. To‘g‘rirog‘i, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning 10 viloyatida sodir bo‘lgan vayronkor zilzilalar ortidan minglab odamlarning qurbon bo‘lishi, millionlab aholi boshpanasiz va yeguliksiz qolishi Rahimxonning fond faoliyatini Turkiyada davom ettirishiga yo‘l ochdi. U O‘zbekistondan kelgan xayriya mablag‘lari evaziga boshpanasiz qolganlar uchun 160 ta yashash uchun moslashtirilgan konteynerlar o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.
“Bizning missiyamiz o‘z yakuniga yetdi. Bugun xursandchilikda, qalbim to‘lib toshayotgan lahzalarda sizlarga bu xushxabarni aytayotganimdan baxtiyorman. Biz O‘zbekistonga – Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytyapmiz. Va ertadan siz sevgan “Yurak amri” xayriya fondi o‘z faoliyatini qaytadan boshlaydi”, deydi u.
Rahimxon so‘zida davom etarkan, bugun o‘ziga nisbatan bo‘lgan tuhmatlar va gap-so‘zlarga nuqta qo‘ymoqchiligini alohida urg‘ulaydi. Shuningdek, Hukumatdan unga nisbatan hech qanday bosim bo‘lmagani, jazolanmaganini qo‘shimcha qiladi.
“Meni soqol qo‘yib, do‘ppi va rido kiyib yurishim, insonlarga ehson tarqatishim, eshikma-eshik yurib, odamlarni yaxshilikka chorlashim – bular misli ko‘rinmagan ishlar emasmidi? Bu ishlarim uchun hech kim meni shu kunga qadar jazolagani yo‘q. Jamoamizda hamma sog‘-omon, ishimiz davom etyapti. Faoliyatimiz davom etyapti. Nima haqida gapirayotganimni tushunyapsizmi?” deydi u.
Rahimxon fond faoliyatini to‘xtatayotganini e’lon qilgan murojaatida ham O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini aytgan edi. Yangi videomurojaatda ham u o‘zini Prezident yonida turgan va islohotlarni qo‘llayotgan kishi sifatida ifoda etgan.
“Bizning referendum oldidan yurtimizga qaytishimiz ham Allohning bichib qo‘ygan taqdiri”, deydi u.
U Prezident Mirziyoyev tomonidan xalqning xur, ozod, saodatli yashashi uchun qilinayotgan islohotlari yo‘lida unga kamarbasta bo‘lib, bu ishda epizodda emas, balki bosh rolda bo‘lmoqchi ekanini qo‘shimcha qilgan.
QALAMPIR.UZ tahririyati ayni vaqtda Toshkentga yo‘l chiqishga shaylanayotgan Sardor Rahimxon bilan muloqot qildi. Suhbat jarayonida aytilishicha, u bugun, 9 aprel kuni Turkiya vaqti bilan soat 21:40 da uchadigan Istanbul – Toshkent reysida qaytib keladi.
Ma’lumot uchun, Sardor Rahimxon boshchiligidagi "Yurak amri" xayriya fondi ko‘plab loyihalarni amalga oshirdi. Bular orasida Bo‘ka tumanida amalga oshirilgan 25+ loyihasi mamlakatda katta shuhrat qozondi. U bir vaqtning o‘zida minglab odamlarni boshpanasiz oilalarga uy qurish maqsadida birlashtira oldi va Bo‘kada 30 ta xonadandan iborat mo‘jaz mahalla bunyod bo‘ldi.
LiveBarchasi