“Sardoba fojiasi"da uysiz qolgan 1300 dan ortiq fuqaro hamon maktablarda yashamoqda

Jamiyat

image

Joriy yilning may oyi boshida sodir bo‘lgan Sardoba fojiasida uylaridan ayrilgan aholining yana 1300 dan ortig‘i hamon 13 ta muassasa, shu jumladan, 6 ta umumta’lim maktabida yashab kelmoqda. Shu bois bu maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash kechiqmoqda. Bu haqda bugun, 5 sentyabr kuni Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining sayyor majlisida so‘z bordi. 

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva olib borgan majlisda “Sardoba” suv omborining yorilishi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama qilindi. 

Parlament yuqori palatasiga “Sardoba” suv omboridan suv toshishi oqibatida talofat ko‘rgan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar yo‘llangan.  Ular senatorlar tomonidan joyiga chiqib ko‘rilgan. 

Ishchi guruhi tomonidan olib borilgan o‘rganish davomida muammo va kamchiliklar aniqlangani inobatga olinib, birinchi marotaba Senat Kengashining sayyor majlisini o‘tkazish maqsadga muvofiq deb topildi.   

Qayd etilishicha, jami 175 ta tadbirkorlik sub’ektidan 32 tasiga yetkazilgan zarar miqdori 9,1 mlrd so‘m deb aniqlangan bo‘lsa-da, qolgan 143 ta tadbirkorning mol-mulkiga yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha aniq hisob-kitoblar amalga oshirilmagan va zararni qoplash bo‘yicha hech qanday amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmagan.

Qolaversa, umumta’lim ob’ektlarini ta’mirlash, tiklash va qayta qurish ishlari belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan. Uy-joysiz qolgan 1 308 nafar fuqaro hozirgi kungacha 13 ta muassasa, shu jumladan, 6 ta umumta’lim maktabida yashayotganligi sababli mazkur ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash ishlari kechikmoqda. 

Yana bir jihat, irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarini tiklash ishlari bo‘yicha moliyalashtirish ishlari yakuniga yetkazilmagan. Ayrim qishloq xo‘jaligi tarmoqlari bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash ishlari yetarli darajada bajarilmagan.

Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida talafot ko‘rgan 54 ta fermer xo‘jaligining 4 204 gektar paxta va g‘alla maydonlariga ekinlarni qayta ekish uchun sug‘urtalanmagan 9,5 mlrd so‘mlik zararni qoplash masalasi hal etilmagan. Bundan tashqari, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilik yo‘nalishlarida ham shu kabi muammolar o‘z yechimini kutmoqda.  

Shu bilan birga, majlisda yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlari sust olib borilayotgani ta’kidlandi. Mazkur yo‘nalishda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolarining taklif va fikr-mulohazalari tinglandi.

Qayd etilganidek, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida Sardoba tumanida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan 275 mln so‘mlik 3 ta, Mirzaobod tumanida qiymati 260 mln so‘mlik 8 ta loyiha tegishli mutasaddilarning mas’uliyatsizligi sababli bajarilmagan va yoshlar uchun mo‘ljallangan yangi ish o‘rinlari yaratilmagan. 186 nafar og‘ir turmush sharoitida yashovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash borasidagi ishlar ham talab darajasida emas.

Aholi bandligini ta’minlash ishlari ham yetarli darajada tashkil qilinmagan, 11 ta mahalladagi vaqtinchalik ishsiz qolgan va xorijdan qaytib kelgan 4 325 nafar ishsiz fuqaroning 31 foizi ishga joylashtirilgan.

Shuningdek, majlisda Sirdaryo viloyatida yuz bergan texnogen holat oqibatida jabr ko‘rgan fuqarolar muammolarini yana bir bor hukumat darajasida Ishchi guruh tashkil qilgan holda puxta o‘rganish zarurligi, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Hukumat komissiyasiga taklif kiritish lozimligi ta’kidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat Sardoba fojiasi

Baholaganlar

11

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing