“Sanjik” ishi: bir yillik qamoq va biznesdagi yo‘qotishlar-apellyatsiyada kun tartibida

3-sahifa

Reklama
0:00

Sanjar Karimov himoyachilari sonini 9 nafarga yetkazdi. Bu haqda bugun, 27 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida qatnashgan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi. 

“Sanjik” nomi bilan tanilgan tadbirkor va bloger Sanjar Karimov joriy yilning may oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish), 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) hamda 273-moddasi 2-qismi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlar)da nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Mazkur hukm ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati asosida joriy yilning 29 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Sanjar Karimovga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida ko‘rish boshlandi. Sud majlisi raislik qiluvchi sudya Abdullajon Muhiddinov, ma’ruzachi sudya Umidbek Musayev hamda sudlov hay’ati a’zosi Anvar Dusmurodov tarkibida o‘tmoqda.

Bugun, 27 iyul kuni mazkur ish bo‘yicha navbatdagi apellyatsiya sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Apellyatsiya jarayoni boshida Sanjar Karimovni 4 nafar advokat himoya qilgan bo‘lsa, bugungi sud majlisiga kelib himoyachilar soni 9 nafarga yetdi.

Bu galgi sud muhokamasida sudlanuvchining so‘zlari tinglandi.

Sanjar Karimov suddagi oqlov nutqida u hayotida ilk bor sudlanayotganini, odamlarga yordam beraman deb, aybdorga aylanib qolganini bildirdi. Shuningdek Karimov hech kimni aldamaganini, aksincha, o‘zi aldanganini ta’kidladi. Uning aytishicha, boshidan kechirayotgan voqealar “o‘tkir syujetli o‘zbek seriali”dek bo‘lib ketgan. 

Karimov, qariyb bir yildan buyon qamoqda saqlanayotgani bois tadbirkorlik faoliyatiga ham putur yetayotganini qo‘shimcha qildi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, yuqoridagi bayonotlar sudlanuvchi Sanjar Karimov tomonidan sud majlisida bildirilgan oqlov fikrlardir. Yakuniy xulosani sudlov hay’ati chiqaradi. Sud majlisining navbatdagi apellyatsiya ishi 10 avgust kuniga qoldirildi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing