Sankt-Peterburg O‘zbekistonda rus tili sinfxonalarini ochadi
Jamiyat
−
11 Sentabr 3620 2 daqiqa
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri O‘zbekistonda rus tilini o‘qitish uchun maxsus sinfxonalar ochishga ko‘maklashadi. Bu bo‘yicha joriy yilning 9 sentyabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida kelishuvga erishildi.
Qayd etilishicha, Beglov tashrif doirasida Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti Vikentiy bilan gumanitar sohadagi hamkorlikni muhokama qilgan.
“Toshkent yeparxiyasi tarixi Sankt-Peterburg bilan bog‘liq. Uning birinchi bosh ruhoniysi muhtaram Sofoniya bo‘lgan. Uning xizmat yillari bizning shahrimiz bilan chambarchas bog‘liq. Pravoslav ruhoniylari Markaziy Osiyo tarixida chuqur iz qoldirgan. Bizning ruhoniylarimiz va islom ulamolari sa’y-harakatlari bilan nasroniylar va musulmonlar o‘rtasida yaxshi munosabatlar yo‘lga qo‘yilgan”, deydi Beglov.
Uchrashuv davomida tomonlar yeparxiya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda rus tilini o‘rgatish uchun sinfxonalarni tashkil etishga kelishib olgan. Peterburg ularga o‘quv materiallarini taqdim etishga tayyorligini bildirgan. Bundan tashqari, shahar qo‘shma ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Jumladan, Peterburgdan va O‘zbekiston shaharlaridan ishtirokchilar uchun pravoslav madaniyati asoslarini o‘rgatish uchun yozgi lagerlarni tashkil etish taklif qilingan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 9 sentyabr kuni Peterburg delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi boshlangandi. Tashrif davomida Beglov “Leningrad yodgorligi”ning tantanali ochilishida qatnashgan, shuningdek, Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov bilan 2028 yilgacha bo‘lgan hamkorlikning yangilangan rejasini imzolagan.
Qayd etish joiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 26-27 may kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida Moskva va Toshkent rus tilini o‘rganish sohasida akademik almashinuv va hamkorlikni faollashtirish niyatida ekani qayd etilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Beglov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qilgani haqida xabar berilgandi. Uchrashuvda O‘zbekiston – Rossiya o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirish, eng avvalo, Sankt-Peterburg shahri bilan iqtisodiy kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Live
Barchasi