Mirziyoyev Sankt-Peterburg gubernatorini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 sentyabr kuni Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Rossiya o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirish, eng avvalo, Sankt-Peterburg shahri bilan iqtisodiy kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Aytilishicha, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra hududlar darajasidagi eksport-import hajmi 20 foizga oshgan. Toshkent shahrida Ishbilarmonlik markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Yangi Toshkent hududida “Peterburg mavzesi”ni barpo etish loyihasini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Rossiya delegatsiyasining bu galgi tashrifi chog‘ida metallurgiya, uskunasozlik, yo‘l qurilishi, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, logistika hamda boshqa sohalarda 23 ta kooperatsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

Xususiy tibbiyot, ta’lim, kommunal xo‘jalik, raqamli texnologiyalar, migratsiya va turizm sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar qo‘llab-quvvatlandi. Faol gumanitar aloqalarni davom ettirish va qo‘shma madaniy tadbirlarni muntazam tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilning oktyabr oyida ikki mamlakat hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishini samarali o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 sentyabr kuni Xitoyning Pekin shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya rahbari Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Aleksandr Beglov Sankt-Peterburg gubernatori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing