Samarqanddagi SHHT sammitida bir nechta davlatga alohida maqom berish masalalari ko‘riladi – Norov
Jamiyat
−
29 iyul 2022
9609Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining joriy yil sentyabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan sammitida bir qator mamlakatlarning SHHTdagi maqomiga aniqlik kiritiladi. Bu haqda bugun, 29 iyul kuni Toshkentda o‘tgan SHHT tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov aytib o‘tdi.
Norovning so‘zlariga ko‘ra, Misr, Saudiya Arabistoni va Qatarga SHHTning muloqot bo‘yicha sherik maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlar imzolanishga tayyor.
Shuningdek, Samarqand sammitida Bahrayn va Maldivga muloqot bo‘yicha sherik maqomini berishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilish ham ko‘zda tutilgan.
“Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja va Nepalga SHHT huzurida kuzatuvchi maqomini berish masalasida konsolidatsiyalashgan yondoshuvlarni ishlab chiqish ham kerak bo‘ladi”, degan Norov.
Eslatib o‘tamiz, Samarqanddagi sammitda Eron Islom Respublikasini SHHT a’zoligiga olish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi kutilyapti. Shu bilan birga Belarusning tashkilotga qo‘shilish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqiladi.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi mintaqaviy xalqaro birlashma bo‘lib, 2001 yil 15 iyun kuni Shanxayda tashkil etilgan. SHHTga Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston a’zodir. Bu yil tashkilotga raislik O‘zbekistonga o‘tdi.
LiveBarchasi