Samarqanddagi bog‘cha mansabdorlari yil boshidan beri 1,3 tonna go‘shtni “yeb yuborgan”

Jamiyat

image

Avvalroq, Samarqanddagi bog‘chadan go‘sht o‘g‘irlashga uringan oshpaz va xo‘jalik ishlari mudiriga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqda xabar bergan edik. Tekshiruvlardan so‘ng, bog‘chada mahsulotlarni talon-toroj qilish bilan bog‘liq boshqa tafsilotlar ham ochiqlandi.

Tekshiruvlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, 2021 yil yanvaridan shu kunga qadar ushbu bog‘chaning mansabdor shaxslari tomonidan jami 82,8 million so‘mlik 1376,7 kilogramm go‘sht mahsulotlari talon-toroj qilingan.

Holat yuzasidan 28-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mansabdor shaxslariga nisbatan 167-moddasi 2-qismi “a” va “g” bandlari (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan ko‘p miqdorda va takroran talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, 28-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida  MTT bosh oshpazi O‘g‘iloy Abduraimova pishirilgan 4,7 kg go‘shtni olib kirxonaga berkitgan va kirxona derazasidan pishgan 4,7 kg go‘shtni MTT xo‘jalik mudirasi Maftuna Eshimovaga berib, uni o‘g‘irlashga uringanda qo‘lga tushgandi. MTT xo‘jalik mudirasi Maftuna Eshimova pishgan 4,7 kg go‘shtni MTT hovlisidan olib chiqib ketayotganda MTT tarbiyachilari N.N. hamda M.U. uni to‘xtatib, mahsulotlarni talon- toroj qilayotganini ko‘rgan.

Ushbu holat bo‘yicha MTT bosh oshpazi O‘g‘iloy Abduraimova hamda MTT xo‘jalik mudirasi Maftuna Eshimova bilan suhbat o‘tkazilganda, bu ishlarni doimo 28-sonli MTT direktori Shaxnoz Umarovaning topshirig‘i va ko‘rsatmasiga asosan qilganini tan olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand bog'cha

Baholaganlar

420

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing