Samarqanddagi 11 ta hokimlik qabul qilgan hujjatlar qonunga zid ekani aniqlandi
Jamiyat
−
18 iyul
4905Samarqand viloyatidagi 11 ta tuman (shahar) hokimliklarining qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ekani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning II chorak yakunida qo‘mitaning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan viloyatdagi tuman (shahar) hokimliklarining qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga mosligi hamda raqobatni rivojlantirishga to‘sqinlik qiladigan hujjatlarning qabul qilinishi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
Unda viloyatning Ishtixon, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq, Qo‘shrabot, Samarqand, Urgut, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Narpay tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahri hokimliklari tomonidan qabul qilingan normativ tusdagi hujjatlar “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 22-moddasi (Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan hujjatlar qabul qilinishini hamda harakatlar amalga oshirilishini (harakatsizlikni) taqiqlash) talablariga zid ravishda qaror, buyruq va farmoyishlar qabul qilishda, shartnomalar tuzishda ustunlik berishda, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar belgilashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
O‘rganish ishlari natijalariga ko‘ra, hududiy boshqarma tomonidan shahar va tuman hokimliklariga qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida tegishli taqdimnomalar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda hokimlarning raqobatga zid qarorlari bekor qilingani xabar qilingandi.