Samarqandda o‘z uyidan kaltaklanib, quvilgan ayol voqeasi tafsilotlari oshkor qilindi
Jamiyat
−
22 avgust 2020
74647Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida oila a’zolari tomonidan kaltaklangan, yerda holsiz yotgani aks video tasvir tarqaldi. Mazkur holatga Samarqand viloyat Ichki ichlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea viloyatning Urgut tumanining “Mangitobod” mahallasida joriy yilning 17 iyun kuni sodir bo‘lgan. Tasvirlarda yerda yiqilib yotgan fuqaro S. fuqaro Sh. bilan 2012 yildan beri qonuniy nikohdan o‘tib, turmush qurib, ikki nafar farzandli bo‘lishgan. O‘rtada kelishmovchiklar 2-3 yil davomida qaytalanib turgan. S. farzandlarini olib ota-onasining uyiga ketib qolgan. Joriy yilning iyun oyi boshlarida Sh. boshqa ayol bilan shar’iy nikohdan o‘tib, yashay boshlagan.
Joriy yilning 17 iyun kuni soat 10:00 larda fuqaro S. erining boshqa ayolga uylanganini eshitib, ikki nafar farzandi, yaqinlari bilan birgalikda sobiq turmush o‘rtog‘ining uyiga borgan. Turmush o‘rtog‘i Sh. uni uyga kirishiga qarshilik qilib, nojo‘ya so‘zlar bilan xaqorat qilgan. Natijada ular o‘rtasida o‘zaro janjal kelib chiqqan. Janjal davomida S. uyning derazasi oynasini qo‘li bilan urib sindirishi natijasida, qo‘lidan tan jarohati olgan. Sh. sobiq turmush o‘rtog‘i S.ni ushlab uyidan chiqargan.
Joriy yilning 22 iyun kuni fuqaro S. Urgut tumani bo‘yicha IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, Sh. uni uyga kirishiga qarshilik qilib, nojo‘ya so‘zlar bilan xaqorat qilib, urib tan jarohati yetkazganini bildirgan. Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, S.ning olgan tan jarohatini og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
“Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida, 2020 yil 17 iyun kuni sodir bo‘lgan janjalda S. va boshqalarni xatti-harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlanganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 41 va 52-moddalari bilan ma’muriy tartibda ko‘rib chiqish uchun Ma’muriy ishlar bo‘yicha Urgut tuman sudiga yuborilgan. Ma’muriy ishlar bo‘yicha Urgut tuman sudi tomonidan to‘plangan hujjatlar o‘rganib chiqilib, qo‘shimcha ravishda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borish haqida qaror qabul qilinib tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda to‘plangan hujjatlar tuman prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganilmoqda.
LiveBarchasi