Samarqandda tadbirkorlarni yalang‘ochlab, qiynoqqa solgan shaxslar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Samarqand viloyatining Payariq tumanida tadbirkorlarni urib, qo‘rqitib, ulardan pul talab qilib kelgan shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Payariq tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 1983 yilda tug‘ilgan, muqaddam 5 marotaba Jinoyat kodeksining 104-(Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 277-(Bezorilik), 109-(Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va 219-(Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) moddalari bilan sudlangan fuqaro J.A. o‘zining jinoiy sherigi, 1996 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan sudlangan fuqaro B.O. bilan birgalikda jinoiy yo‘l bilan moddiy daromad orttirish maqsadida tadbirkorlarga turli tuhmatlar uyushtirib, ularga ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazib kelayotgani aniqlangan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida J.A. o‘ziga tegishli mas’uliyati cheklangan jamiyat binosida ofis tashkil qilib, tumanda yashovchi fuqarolarni turli tuhmatlar bilan ushbu ofisga olib kelib, ularni yalang‘ochlab, urib-do‘pposlab, ushbu holatini videotasvirga olgan. Ular videotasvirlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborish bilan tahdid qilib, jabrlanuvchilardan pul yoki boshqa moddiy qimmatliklarni qo‘lga kiritib kelgani ma’lum bo‘lgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qo‘lga olingan fuqaro B.O. ko‘zdan kechirilganda, uning yonida og‘irligi 3 grammga yaqin bo‘lgan giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, hujjatlashtirib olingan. Shuningdek, unga tegishli bo‘lgan telefon apparati xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, telefon xotirasida J.A. va B.O. tomonidan fuqarolarni zanjirlar bilan urib, tahqirlagan holati yozib olingan videotasvir mavjud ekani aniqlangan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, J.A. ham qo‘lga olingan. Uning ofisi ko‘zdan kechirilganda, u yerda fuqarolarni qiynash uchun saqlab kelingan metall zanjir va boshqa vositalar mavjudligi ham aniqlanib, daliliy ashyo tariqasida olingan.

Bildirilishicha, holat yuzasidan Payariq tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 112-(O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish), 276-(Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) hamda 277-(Bezorilik) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu shaxslardan jabrlanganlardan ichki ishlar organlariga yoki 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish so‘raladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “qonundagi o‘g‘ri” Baxtiyor Qudratillayevning (“Baxti Tashkentskiy”) o‘g‘li Bekzod Zafarov bilan yaqin munosabatda bo‘lgan va Baxtiyor Qudratullayev tomonidan Samarqand viloyatiga “polojenets” qilib tayinlangan shaxs rahbarlik qilayotgan uyushgan guruhga qo‘shilgan shaxs 8 yilga qamalgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Payariq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing