Samarqandda tabiatga 1 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
3-sahifa
−
13 Sentabr
2983Samarqand viloyati Urgut tumanidagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida tabiatga jami 1 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, avvalroq 2-3 avgust kunlari “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘iga bir necha noma’lum shaxs bolalar dam olish oromgohi orqali noqonuniy tarzda kirib, maxsus texnikalar yordamida qazish ishlarini amalga oshirgani haqida ma’lum qilingan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tezkor ishchi guruhi tomonidan holat o‘rganilganda qonunbuzarlar tomonidan bog‘ hududida texnikalar yordamida tekislash, kovlash ishlari olib borilgani va “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘iga tegishli bo‘lgan 869 metr kvadrat maydonda “Taxti Qoracha” dovoni bilan bog‘lovchi yo‘l hosil qilingani ma’lum bo‘ldi. Buning oqibatida yo‘lda mavjud bo‘lgan 7 turdagi jami 64 tup daraxt va butalarga zarar yetkazilgan, shundan 27 tup daraxt va butalar tag qismidan kesilgan yoki qo‘porib olingan, qolgan 37 tup daraxt va butalar esa o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada shikastlangan. O‘simlik dunyosiga 67 mln 726 ming so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, hududda olib borilgan yo‘l solish ishlari oqibatida jami 2296 metr kvadrat yer maydonida mavjud Qizil kitobga kiritilgan, kamyob, kamayib borayotgan va noyob tur hisoblangan 12 turdagi 2 ming 591 tup o‘simliklar payhon qilinib, tabiatga 1 mlrd 48 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
“Umumiy hisobda tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 1 mlrd 115 mln so‘mni tashkil etmoqda. Ish yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborilgan” deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatida 4 tup daraxt kesgan fuqaro 27 million so‘mdan ortiq jarimaga tortilgandi.