Samarqandda profilaktika inspektorini urganlar qamoqqa olindi (video)
3-sahifa
−
30 iyul
12672Samarqand viloyatida profilaktika inspektorini urgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea 23 iyul kuni soat 17:30 larda sodir bo‘lgan. Samarqand shahri Siyob mahallasida yashovchi fuqaro navbatchilik qismining “102” qisqa raqamiga murojaat qilib, Oqdaryo tumani Navro‘z mahallasi Zarafshon ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylar oldida notanish fuqarolar unga tegishli Nexia-3 rusumli avtomashinasining oynalarini sindirib, o‘zini urib, tan jarohati yetkazganligini ma’lum qilgan.
Chaqiruvga asosan Oqdaryo tumani ichki ishlar bo‘limi inspektori katta leytenant O‘tkir Burqiyev voqea joyiga yetib borib, janjal qilgan fuqarolarni Navro‘z mahallasida joylashgan xizmat xonasiga olib borgan. Holatga aniqlik kiritish maqsadida murojaat qilgan fuqaro bilan suhbatlashib turgan vaqtida huquqbuzarlar 35 va 19 yoshli yigitlar hamda 47 yoshli ayol “nima uchun xizmat xonasiga birinchi bizni kiritmaysan, biz ham “102” raqamiga murojaat qilganmiz”, deb janjal ko‘targan.
Inspektor esa ishiga xalal bermay turishini, navbat bilan gaplashishini aytgan vaqtida ular xodimni haqoratli so‘zlar bilan so‘kib, xonadan chiqib ketgan. Inspektor ularga ketib qolmasligini, qolaversa holat bo‘yicha tushuntirish xatlari olishi lozimligini aytgan vaqtida, ayol kishi kelib xodimning kiyimidan tortib qattiq haqoratlagan. Uning ukasi va o‘g‘li esa profilaktika inspektorini urib-tepgan va yiqitib tanasining turli joylariga tan jarohati yetkazgan.
Shundan so‘ng uchala fuqaro ham o‘zlariga tegishli bo‘lgan avtomashinaga o‘tirib, voqea joyidan ketib qolgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Oqdaryo tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda 3 nafar gumonlanuvchilar protsessual tartibda qamoqqa olingan.