Samarqandda mast haydovchi 2-sinf o‘quvchisini urib yubordi
3-sahifa
−
22 may
6402Samarqand viloyatining Narpay tumanida mast holda mashina boshqargan 70 yoshli erkak 2-sinf o‘quvchisini urib yubordi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘quvchi qiz maktabdan uyga qaytayotganida mahalla ko‘chalarining birida uni Nexia-2 mashinasida boshqaruvni yo‘qotgan haydovchi urib yuborgan. Oqibatda qiz jarohat olib, qo‘li singan hamda operatsiya qilingan.
"Qo‘liga sim qo‘yilgan. Qizim hozir yaxshi, simlarini endi oldiramiz. Haydovchilarga murojaat qilardimki, ichib yoki tez haydab birovning guldek, begunoh bolasiga bunday azob berib ketishmasin", deydi qizning onasi.
O‘quvchi qiz esa o‘sha paytda uning yonida o‘rtoqlari ham bo‘lganini aytdi. Surishtiruvda 70 yoshli erkak bir yil avval ham spirtli ichimlik ichib mashina boshqargani uchun haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgani aniqlangan.
"O‘shanda shifoxonaga olib bordim, hammasiga yordam qildim. Men endi ikkinchi marta ichmayman, mashina ham haydamayman. Men qatori yoki kattalarga ham hech qanday spirtli ichimlik ichib, rulda o‘tirishlarini tavsiya qilmayman. Hammadan — mahallalardan, boladan ham kechirim so‘rayman", deydi haydovchi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda 2-sinf o‘quvchisi yuk mashinasi urib ketishi oqibatida vafot etgandi.