Samarqandda insofsiz raqobat sodir etgan korxonalarga moliyaviy jarima qo‘llanildi

3-sahifa

image

Samarqand viloyatida insofsiz raqobat sodir etgan korxonalarga moliyaviy jarima qo‘llanildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning avgust oyida Mars, Incorporated kompaniyasi (AQSH) murojaati asosida o‘rganish o‘tkazilgan. O‘rganish davomida viloyatda faoliyat yurituvchi 2 ta korxona “Agro Bravo” MCHJ va “Sam Komiljon Fayz” MCHJlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan muzqaymoq mahsulotlarida Mars, Incorporated kompaniyasiga tegishli bo‘lgan va avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan “Mars”, “Snickers”, “Dove” tovar belgilaridan va unga o‘xshash belgilardan va nomlardan foydalanganligi, buning natijasida insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi  qonunining 21-moddasi (xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirish) talablari buzilganligi tasdiqlandi.

O‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan korxonalarga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan tegishli tartibda ishlar qo‘zg‘atildi. “Agro Bravo” MCHJ va “Sam Komiljon Fayz” MCHJlarga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi.

Shuningdek, qonun buzilish holatini to‘xtatish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “Hamkor reklama servis” MCHJ tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida tashqi reklama konstruksiyalari orqali bukmekerlik reklama tovar belgisi ko‘rsatilgan holatlar aniqlanib, chora ko‘rilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing