Samarqandda daraxt kesgan fuqaro 71 mln so‘mdan ortiq jarimaga tortildi
3-sahifa
−
21 Oktabr
2257Samarqand viloyatining Toyloq tumanida tut daraxtini kesgan fuqaro 71 million so‘mdan ortiq jarimaga tortildi. Bu haqda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat inspektorlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida tumanning “Xo‘jayuz” MFY hududidagi tegishli ruxsatlarsiz sog‘lom ko‘karib turgan 1 tup tut daraxti shu atrofda yashovchi fuqaro U.Z. tomonidan kesib tashlangani ma’lum bo‘lgan.
Shu bois fuqaroga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismiga muvofiq tabiatga yetkazilgan zarari uchun 71 million 250 ming so‘m qo‘llangan.
“Respublikada davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga qarshi moratoriy joriy etilishi munosabati bilan daraxtlarni tegishli ruxsatlarsiz kesish qat’iyan man etiladi”, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida daraxtlarni noqonuniy kesgan fuqaro tabiatga 260 million so‘m zarar yetkazgandi. Huquqbuzar kesilgan daraxt bo‘laklarini Isuzu rusumli yuk mashinasiga yuklanayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan birga qo‘lga olingandi. Ish yuzasidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyat prokuraturasiga yuborilgandi.