Samarqandda bir tup terak kesgan fuqaro 9 mln so‘m jarimaga tortildi
3-sahifa
−
05 Sentabr
3265Samarqand viloyatida bir tup daraxt kesgan shaxs 9 million so‘m jarimaga tortildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, nazorat reyd tadbirlaridan birida Paxtachi tumani Tinchlik mahallasida yashovchi fuqaro M.R. mahalla hududidagi bir tup terak daraxtini o‘zboshimchalik bilan kesib tashlagani aniqlangan.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari (8 million 500 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. M.R. jarima bilan birga o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar — 680 ming so‘mni ham to‘laydigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, respublikada davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga qarshi moratoriy joriy etilgan bo‘lib, daraxtlarni tegishli ruxsatlarsiz kesish qat’iyan man etiladi. Bu kabi huquqbuzarliklar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Sergeli 7-mavzesida bitta daraxt kesgan fuqaro 17 mln so‘mdan ortiq jarimaga tortilgandi.
LiveBarchasi