Samarqandda AQSHga ketmoqchi bo‘lgan fuqaro uyidan ayrildi

3-sahifa

image

Samarqand viloyati Payariq tumanida ikki fuqaro AQSHga ishga yuborishni va’da qilib, evaziga boshqa fuqaroning uyini o‘zlashtirib oldi. Shuningdek, yana ikki hududda chet elga ishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, departamentning Payariq tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar S.Sh. (muqaddam sudlangan) va D.E. o‘zaro til biriktirib, fuqaro X.A.ning ishonchiga kirgan va Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborishlarini va’da qilgan. Ular buning uchun 18 000 AQSH dollari miqdorida xarajat qilganini aytib, evaziga X.A.ning “Toxirshayx” mahallasida joylashgan uy-joyini firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirib olgan.

Shu kabi, departamentning G‘allaorol tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan M.I. fuqaro O.P.ning ishonchiga kirib, uni Koreya davlatiga ishga yuborishi evaziga 12 600 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Bundan tashqari, departamentning Yashnobod tumani bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida tumandagi Birlashgan ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqarolar M.O. va D.A. fuqaro T.B.ning ishonchiga kirib, unga Yaponiya davlatiga ishga yuborishi uchun viza olib berishini aytib, evaziga 2 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Toshkent va Samarqandda xorijiy davlatga ishga yuborishni va’da qilib, fuqarolardan pul olgan shaxslar ushlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Samarqand

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing