Samarqandda “Agrobank” mansabdorlari byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan
Jamiyat
−
03 aprel 2021
5954Samarqandda “Har bir oila-tadbirkor” dasturi doirasida ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirgan ta’minotchi korxona rahbari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Pastdarg‘om tuman bo‘limi tomonidan ATB “Agrobank” va tadbirkorga nisbatan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Natijada ATB “Agrobank” Go‘zalkent filiali mansabdor shaxslari ta’minotchi korxona “G.Ch.” fermer xo‘jaligi rahbari bilan oldindan til biriktirib, “Har bir oila-tadbirkor” dasturi doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan fuqaro G.Yu. va boshqalar 241,8 mln so‘mlik naslli chorva mollarini olganligi to‘g‘risida soxta kredit hujjatlarini rasmiylashtirib, davlatning maqsadli kredit mablag‘larini talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq, Toshkentning Yashnobod tumanida ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan pullarning 300 mln so‘mga yaqini mas’ul tashkilotlar rahbarlari tomonidan talon-toroj qilingani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi