Namoyishchilar “Marsel” klubining rasmiy do‘koni talon-toroj qildi
Sport
−
15:17 420 1 daqiqa
Fransiyaning Marsel shahrida talonchilar “Olimpik Marsel” futbol klubining rasmiy do‘koniga bostirib kirib, uni talon-toroj qildi. Hodisa oqibatida do‘kon vaqtincha yopildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Klub o‘zining rasmiy do‘koniga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik va talonchilik harakatlarini keskin qoralagan.
“Ushbu voqealar jiddiy moddiy zarar yetkazdi va do‘konni vaqtincha yopishga majbur qildi. Biroq muxlislar shahardagi boshqa rasmiy “Marsel” do‘konlariga tashrif buyurishlari mumkin”, deyiladi klub bayonotida.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda talonchilar do‘kon oynasini sindirib, bino ichiga bostirib kirayotgani aks etgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 17 oktyabr kuni Parij va Fransiyaning boshqa hududlarida yoqilg‘i narxlarining oshishi hamda aholining xarid qobiliyati pasayishiga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tgan.
Tashkilotchilar namoyishlarda 800 ming kishi qatnashganini bildirgan bo‘lsa, Fransiya Ichki ishlar vazirligi ishtirokchilar sonini 550 ming nafar deb baholagan.
Bir qator shaharlarda namoyishlar tartibsizliklar va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylangan. Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunes mamlakat bo‘ylab 2 mingdan ortiq kishi hibsga olinganini ma’lum qilgan. Rasmiylar tartibsizliklar va talonchilikka aloqador shaxslarni javobgarlikka tortish davom etishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakat Prezidenti Emmanuyel Makron tartibsizliklar munosabati bilan xalqqa murojaat qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi