Samarqand va Toshkentda 111 kg narkotik musodara qilindi (video)

3-sahifa

image

Samarqand va Toshkent viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 111 kg narkotik modda musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati Panjikent tumanidan aylanma yo‘llar orqali 10 kg 894 gr “opiy” moddasini Urgut tumani hududiga olib kelgan Tojikiston fuqarolari – 1980, 1982, 1989 yillarda tug‘ilgan 3 nafar aka-uka qo‘lga olingan. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi bo‘lgan Urgut tumanida istiqomat qiluvchi 1982 yilda tug‘ilgan ayol ham ushlanib, uning yashash xonadonida saqlanayotgan 13 kg 85 gr “opiy” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.  

Bundan tashqari, “o‘zbek-tojik” davlat chegarasining Toshkent viloyati Bekobod tumani “Turon” MFY hududidan o‘tuvchi qismida olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati Mastchox tumanidan Bekobod tumaniga oqib o‘tuvchi Dalvarzin kanali orqali oqizib yuborilgan 3 dona yelim idishdagi jami 8 kg 381 gr “opiy” va 59 kg 296 gr “gashish” moddalari borligi aniqlangan. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu giyohvandlik vositalarini qabul qilib olish maqsadida chegara hududiga kelgan vaqtida Bekobod shahri va tumanida istiqomat qiluvchi 1985, 1989, 1996 va 1997 yillarda tug‘ilgan 4 nafar fuqaro qo‘lga olingan. Ulardan 2 nafari muqaddam sudlangan shaxslar bo‘lgan. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) 2-qismi va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.  

Bekobod tumanida qayd etilgan yana bir holatda “o‘zbek-tojik” davlat chegarasidan taxminan 400-500 metr uzoqlikdagi dala maydonida muqaddam noma’lum shaxslar tomonidan qoldirib ketilgan 1 dona sport sumkasi ichida 3 kg  942 gr “opiy” va 15 kg 473 gr “gashish” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, giyohvandlik vositalarini qoldirib ketgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatidagi dalahovlida marixuana yetishtirish uchun laboratoriya tashkil qilgan fuqaro ushlangan edi. Dalahovlidan jami 200 tup marixuana o‘simligi hamda taxminan 5 kg og‘irlikdagi quritilgan marixuana kukunlari topilib, ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Samarqand narkotik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing