Samarqand shahri kengaytiriladi
Jamiyat
−
26 noyabr 11368 2 daqiqa
Samarqand viloyati Oqdaryo, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanidagi 17,5 ming gektar hudud Samarqand shahriga qo‘shib beriladi. Buning hisobiga Samarqand shahri aholisi 604 mingdan 882 mingga yetadi. Bu haqda kecha, 25 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Urgut tumanida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Aholisi va daromadi kundan-kunga o‘sib borayotgan Samarqand shahrida zamonaviy uy-joylarga bo‘lgan talabni ta’minlash uchun 3 ta yirik massiv tanlab olindi. Jumladan, “Shirin” massivida 180 ming, “Temiryo‘l orti” hududida 100 ming, “Qorasuv-2” massivida 30 ming aholi uchun 700 dan ortiq zamonaviy ko‘p qavatli uy barpo etiladi.
Samarqand shahridagi 49 ta viloyat tashkiloti kelasi yil “Shirin” massiviga ko‘chadi. Shu yil oxirigacha bu massivni shahar markazi bilan bog‘lovchi “Qoradaryo” ustidan o‘tgan 577 metrli ko‘prik ishga tushiriladi. Ispaniyalik investorlar bilan xususiy sheriklik asosida ushbu 3 ta massivning kanalizatsiya tizimi yangilanadi.
Shaharda yuk transporti harakatini kamaytirish maqsadida Oqdaryo, Toyloq va Samarqand tumanidan o‘tuvchi magistral yo‘l bo‘yida 4 ta logistika markazi barpo etiladi.
Shuningdek, Urgut tumanining “Quyi Kamangaron” mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massiviga tutash hududdan 90 gektar qo‘shimcha joy ajratib, zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy eko-shahar barpo etiladi. Yangi shaharda yo‘l, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish, tadbirkorlik loyihalari uchun 50 million dollar ajratiladi.
Yangi shaharning 3 gektar maydonida tumanning 35 ta tashkiloti uchun yagona ma’muriy markaz qurib beriladi. Ularning bo‘shagan binolari esa biznes uchun xususiy sektorga taklif qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 noyabr kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish hamda kelgusidagi vazifalarni faollar ishtirokida belgilab olish uchun Samarqand viloyatiga yetib borgandi. Davlat rahbari Samarqandga tashrifini taomilga ko‘ra, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish bilan boshladi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi. Prezident keyin Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan Mahdumi A’zam majmuasida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. Mirziyoyev Samarqandga tashrifi chog‘ida Hazrati Hizr majmuasida ham bo‘lib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ydi.
Live
Barchasi