Samarqand davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi

Jamiyat

image

Samarqand davlat tibbiyot institutida kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtiriladi va samaradorligi oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaror loyihasida keltirib o‘tilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:

•  Samarqand davlat tibbiyot instituti negizida Samarqand davlat tibbiyot universitetini tashkil etish;

•  Samarqand davlat tibbiyot instituti birinchi va ikkinchi klinikalari negizida Universitet klinikasini tashkil etish;

•  Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi negizida Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy tadqiqot institutini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Ta’kidlanishicha, universitet Samarqand davlat tibbiyot institutining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Uzluksiz tibbiy – kasbiy ta’lim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv – uslubiy materiallarni keng joriy etish, klinika va o‘quv bazasi faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish ham ana shunday yo‘nalishlardan biridir.

Universitetda xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor – o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qo‘shma ta’lim dasturlar rivojlantiriladi.

Shuningdek, oliygohda fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy – tadqiqot ishlari tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratiladi. Tibbiy ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma – bosqich joriy etiladi.

Ta’lim muassasasi va Universitet klinikalari ilmiy salohiyati muntazam ravishda oshirib boriladi, professor – o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etilishi ta’minlanadi.

Respublika tibbiyot tizimi muammolarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida muntazam ravishda ilmiy tadqiqotlar olib borish, tizimni rivojlantirish yuzasidan loyiha va tavsiyalar ishlab chiqish hamda tegishli vazirliklarga taklif sifatida kiritib borish kabi vazifalar amalga oshiriladi.

O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy – tadqiqot muassasalari, qadrlar buyurtmachilari va homiy tashkilotlari bilan hamkorlikda tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish bo‘yicha xalqaro ilmiy – amaliy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etiladi.

Talabalarda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish uchun shart – sharoitlar yaratish, yoshlarni insonparvarlik va yuksak ma’naviy g‘oyalar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yot g‘oya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlash ham rejalashtirilgan.

Moddiy – texnik bazani modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyatsion markaz, o‘quv va ilmiy – tadqiqot laboratoriyalarini  tashkil etish va  zamonaviy asbob – uskunalar bilan jihozlash ham universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 


Maqola muallifi

Teglar

OTM qaror loyihasi

Baholaganlar

157

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing