Magistraturaga qo‘shimcha qabul uchun ruxsat berildi
Jamiyat
−
28 Oktabr
3709Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan 2024/2025 o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga qo‘shimcha qabul qilishga ruxsat berildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, talab darajasidagi xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lib, qabul kvotasi doirasida talabalikka tavsiya etilmagan talabgorlarni oliy ta’lim muassasalari tomonidan belgilanadigan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi to‘lov-kontrakt asosida qabul qilishga ruxsat berildi.
Qo‘shimcha qabul asosida o‘qish istagini bildirgan talabgorlardan bevosita oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga murojaat qilish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq 2024/2025 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat hamda magistratura talabalari uchun to‘lovlarni amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning muddati 2024 yil 1 dekabrga qadar (shu kuni ham) uzaytirilgandi.