Samarqand hokimi ishdan ketadimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov sog‘lig‘i tufayli lavozimdan ketmoqchiligi haqida xabarlar tarqalmoqda. QALAMPIR.UZ bunga aniqlik kiritish maqsadida Samarqand viloyat hokimi matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev bilan bog‘landi. 

Uning ma’lum qilishicha, hokim ayni paytda o‘z kabinetida majlis qilyapti.

“To‘g‘risi, o‘zim ham bu xabarlarni hozir o‘qib, hayron bo‘lib turibman. Bizda hozircha bunday gap yo‘q. Turdimov o‘z rejasi bo‘yicha bugun sessiya yig‘ilishini o‘tkazishi kerak. Bu bir hafta oldin belgilangan. Ammo bugungi sessiya kun tartibida ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan masalalar orasida hokimning ishdan ketish masalasi yo‘q”, dedi u.

Erkinjon Turdimov parlament saylovidan so‘ng noyabr oyi boshida, 5 noyabr kuni Xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashining navbatdagi yig‘ilishida Samarqand viloyati hokimi etib qaytadan tasdiqlangandi.

Uning matbuot kotibi ishdan ketishiga sabab sifatida ko‘rsatilayotgan sog‘lig‘i bilan muammolar hokimlik vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilmasligini aytmoqda.

“Ha, uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar borligini hamma biladi. U 1-1,5 oy davomida har yili davolanadi ham. Lekin bu shu paytgacha uning o‘z vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilmagan”, deya ma’lumot berdi Mirzayev.

Uning aytishicha, Erkinjon Turdimov Samarqand hokimligidan ketadimi-yo‘qmi bunga bir muddatdan so‘ng hokimning o‘zi aniqlik kiritadi.

Ma’lumot uchun, Erkinjon Turdimovning kasali qon bosimi bilan bog‘liq. 2021 yil boshida u qon bosimi ko‘tarilgani va mikroinsultni boshdan kechirgani uchun qisqa muddatli davolanish ta’tiliga chiqqan edi. 2022 yilda ham u insult oqibatlarini bartaraf etish uchun Germaniyada davolanib qaytgan. 2024 yilda ham u ayni shu muammosi sabab boshqa hokimlarga qaraganda kechroq ishga qaytgan, bu vaqt oralig‘ida esa chet elda davolanib kelgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Erkinjon Turdimov hokim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing