Olmazordagi tadbirkorlar “svet”siz qolishi mumkin, QALAMPIR.UZ ham
Jamiyat
−
31 avgust
6894Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi tadbirkorlar quyosh panellari o‘rnatmasa, “svet”siz qolishi mumkin. Bu haqdagi ogohlantirish xati tumanning deyarli barcha tadbirkorlik sub’ektlariga, shuningdek, QALAMPIR.UZ ijarada bo‘lib turgan bino ma’muriyatiga ham yetib keldi.
Olmazor tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Ravshan Mirsultonov tomonidan imzolangan ogohlantirish xatida yozilishicha, tadbirkorlar ogohlantirish xatini olgan kundan 10 ish kunida elektr energiyasidan foydalanishda doimiy yashil muqobil energiyaga (quyosh panellari, kompensatsiya qilish uskunasi) o‘tkazilishi va elektr energiyasini 20% iqtisod qilish lozim. Aks holda korxona elektr energiyasidan uzib qo‘yiladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi "2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-57-sonli, 2024 yil 31 maydagi "Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi PQ-222-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha Respublika Shtabi rahbarlari tomonidan joriy yilda o‘tkazilgan 7-sonli yig‘ilish topshiriq va ko‘rsatmalarini inobatga olib, sizning tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan ob’ektingizda ushbu talabnoma berilgan kundan boshlab 10 ish kuni muddatda elektr energiyasidan foydalanishda doimiy yashil muqobil energiyaga (quyosh panellari, kompensatsiya qilish uskunasi) o‘tkazilishi va elektr energiyasini 20% iqtisod qilish lozimligini bildiramiz”, deyiladi xatda.
Shuningdek, ogohlantirish xatida tadbirkorlar yuqoridagi talabni bajarmagan taqdirda hech qanday ogohlantirishsiz elektr energiyasidan uzilishi aytiladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 10 iyundagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 319-sonli qarorining texnik shartlari va majburiyatlari bajarilmagan taqdirda elektr ta’minotidan qayta ogohlantirilmasdan tarmoqdan uzish bo‘yicha ogohlantiramiz.
Ushbu talabnoma ijrosi talabnoma berilgan 10 ish kunida bajarilmagan taqdirda korxonani elektr energiyasi ta’minotidan uzib qo‘yilishi to‘g‘risida OGOHLANTIRAMIZ!!!”, deyiladi Olmazor tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Mirsultonov imzolagan xatda.
Ushbu ogohlantirish xati tadbirkorlik sub’ektlariga deyarli bir kunda – 30 avgust kuni Ichki ishlar posbonlari orqali yuborilgan. Shu kuni QALAMPIR.UZ muxbiri Olmazor tumani elektr tarmoqlari korxonasiga bordi va xatni qo‘lida ko‘tarib, tushuntirish berishlarini so‘rab yurgan o‘nlab tadbirkorlarni uchratdi. Elektr tarmoqlari korxonasi esa noroziliklarni oldindan payqagandek, darvozasini yopib olgan, hududni esa Milliy gvardiya va Ichki ishlar xodimlari qo‘riqlayotganiga guvoh bo‘ldik.
Aytish o‘rinliki, tadbirkorlarga bunday ogohlantirish xatlari faqat Olmazor tumanida emas, balki butun Toshkent bo‘ylab yuborilgani bo‘yicha ma’lumotlar mavjud.
LiveBarchasi