“Salimboyvachcha” ozodlikka chiqdi
3-sahifa
−
13 yanvar
5205Xalq orasida “Salimboyvachcha” nomi bilan mashhur Salim Abduvaliyev 12 yanvar kuni ozodlikka chiqarildi.
Ko‘pgina OAV Abduvaliyevning qamoqdan chiqqani haqida xabarlar e’lon qilgan bo‘lsa ham, rasmiy idoralar bu bo‘yicha lom-mim demadi.
QALAMPIR.UZ manbasiga ko‘ra, joriy yilning may oyida 75 yoshni qarshilaydigan Salim Abduvaliyev kasalligi tufayli Jinoyat kodeksining 75-moddasi (Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish) tartibida jazodan ozod qilingan va ozodlikka chiqarilgan.
Abduvaliyevning ozodlikka chiqqaniga uning qizi Nilufar Abduvaliyeva ham Instagram sahifasi orqali ishora qildi. U 12 yanvar kuni Instagram’iga otasining suratini joyladi.
“Salimboyvachcha” nega qamalgandi?
Salim Abduvaliyev 2023 yilning 1 dekabr kuni huquq-tartibot idoralari tomonidan O‘zbekistonda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha noyabr oyida boshlangan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida Toshkentning Fayzobod dahasida joylashgan uyidan olib ketilgandi.
2024 yil 19 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida Salim Abduvaliyevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, hukm e’lon qilingan.
Sud hukmiga ko‘ra, Salim Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 1-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi sababli jinoiy javobgarlikdan ozod etilib, jinoyat ishining shu qismi Jinoyat-protsessual kodeksning 84-moddasi (ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asoslar) 1-qismi 1-bandiga asosan tugatilgan.
Salim Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 248-moddasi (o‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tattirilish belgilangan.
Qayd etish joiz, Salim Abduvaliyev 2017 yildan Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari sifatida rasmiy manbalarda ko‘rsatib kelingan, e’tiborlisi u hamon MOQ rasmiy saytida sport kurashlari assotsiatsiyasi rahbari sifatida qayd etilgan. Sportdagi faoliyati davomida Abduvaliyev 2015 yilda “Do‘stlik” ordeni, 2021 yilda esa “Xizmat ko‘rsatgan sport murabbiyi” unvoni bilan taqdirlangan.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar