“Salimboyvachcha” deputatning Qirg‘izistonda tartib o‘rnatish haqidagi iltimosiga rozi bo‘lganmi?

Olam

image

Qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan so‘ng, tergovchilar va tezkor xodimlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga Salim Abduvaliyevni so‘roqqa tutgan. Bu haqda parlament yig‘ilishida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi. 

Tashiyevning aytishicha, Abduvaliyev Jamg‘irchiyev kelganini, undan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishni so‘raganini bildirgan. Ammo Abduvaliyev Qirg‘iziston ishiga aralasha olmasligini aytgan.

“Bundan tashqari, u Jamg‘irchiyev “Salimboyvachcha”ning yordamchisiga xiyonat qilganini aytadi. Yordamchi ham guvohlik bergan. Jamg‘irchiyev bir necha kun uning mehmonxonasida yashab, pul to‘lamay qochib ketgan. Shu bois O‘zbekistonda unga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan: birinchisi firibgarlik, ikkinchisi davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha”, deydi Tashiyev.

Parlament muhokamasi chog‘ida deputat Suyunbek Umurzoqov Tashiyevdan Salim Abduvaliyev kimligini so‘ragan.

“Siz hamma narsani bila turib, savol berasiz”, deya kinoya qilgan Tashiyev.

Shuningdek, Suyunbek Umurzoqov deputatning bu ishi hamma uchun sharmandalik ekanini aytgan.

"Bilaman. Hamkasbimiz hammamizni sharmanda qildi. Borsam, O‘zbekiston Prezidentiga borardim. “Salimboyvachcha” O‘zbekistondagi uyushgan jinoiy guruh yetakchilaridan biri. U yaqinda hibsga olingan. Bularning barchasi materiallarda ko‘rsatilishi kerak. Nega u muammoni hal qilish uchun uyushgan jinoiy guruhlarga murojaat qiladi? Biz Emil Jamg‘irchiyevni juda qo‘llab-quvvatladik, lekin u noto‘g‘ri ish qilgani ma’lum bo‘ldi. Biz unga kelib, hammasi noto‘g‘ri bo‘lsa, bizga aytishini so‘radik. Toza bo‘lsa, kelib isbotlashi kerak edi”, deydi Suyun Umurzoqov.

Eslatib o‘tamiz, qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda. Jamg‘irchiyev o‘zbekistonlik “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevdan yordam so‘ragan, u bilan yashirin uchrashuv o‘tkazish uchun 2022 yil dekabr oyida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga borgan. 

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Jamg‘irchiyev Abduvaliyev Markaziy Osiyoni boshqarishini aytib, undan hokimiyatdagilarga nisbatan chora ko‘rishini so‘ragan. 

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamg‘irchiyev qidiruvga berilgan. O‘zbekiston tomoni ham uni hibsga olishga qaror chiqargan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Salim Abduvaliev Emil Jamg'irchiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing