“Salimboyvachcha”dan yordam so‘ragan deputatning vakolatlari tugatildi
Olam
−
02 fevral
5721Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi Jogorku Kenesh deputati Emil Jamg‘irchiyevning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda bugun, 2 fevral kuni Markaziy saylov komissiyasining yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Markaziy saylov komissiyasining Saylov jarayonini tashkil etish bo‘limi mudiri To‘lo‘g‘on Aytikeyevning bildirishicha, deputatdan o‘z lavozimini tark etish to‘g‘risida ariza kelib tushgan. Shundan kelib chiqib, tegishli qaror qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Jogorku Kenesh deputati Emil Jamg‘irchiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoriga joylashtirilgan. U 26 fevralga qadar hibsda qoladi. Ilgari deputatlik komissiyasi Emil Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortishga rozi bo‘lgan edi. Deputat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga kelib, u yerda gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilinib, tergov organlariga kelish majburiyati bekor qilingan va qo‘yib yuborilgan. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ham uni qamoqqa olish niyatida emasligini aytdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga deputatning Qirg‘izistonni tark etishga urinishi sabab bo‘lgan.
Jamg‘irchiyev ishi
Qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda. U 2022 yil dekabr oyida Salim Abduvaliyevdan yordam so‘rash maqsadida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga kelgan. Shuningdek, u “Salimboy”ga Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishini so‘rab, xat ham yozgan.
10 yanvar kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshining yig‘ilishida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev deputat Emil Jamg‘irchiyevning Salim Abduvaliyevga bergan maktubini o‘qib eshittirdi.
“Hurmatli Salimboy aka, siz butun Markaziy Osiyoni nazorat qilasiz, sizga hamma itoat qiladi. Bizning Prezidentlarimiz Akayev, Bakiyev, Otunbayeva, Atambayev, Jeenbekov, Japarovlar prezidentlikdan oldin doim sizdan ruxsat so‘rashgan. Men ham bularning barchasini bilib turib, sizdan yordam so‘rayman”, deydi deputat o‘z xatida.
Bunga javoban esa Tashiyev hech bir prezident Abduvaliyevning duosini olmaganini aytgan.
“Bu qanday sharmandalik? Bu butun mamlakat uchun sharmandalik. Hech bir prezident jinoyatchining duosini olmagan. U menga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Xat borligini Jamg‘irchiyevning o‘zi ham tan olgan. Tasavvur qiling, deputatlar orasida shunday odamlar bor”, degan Tashiyev.
Ammo unga javoban Abduvaliyev Qirg‘izistonning ishiga aralasha olmasligini aytgan. Bundan xabar topgan qirg‘izistonlik tergovchilar va tezkor xodimlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga Salim Abduvaliyevni so‘roqqa tutgan.
Deputat 9 yanvar kuni parlamentda matbuot anjumani o‘tkazishi kerak bo‘lgan, biroq unda qatnashmagan. Keyinroq parlamentga huquq-tartibot idoralari vakillari kelgan. Deputat shundan so‘ng g‘oyib bo‘lgan. U binoning ikkinchi qavatidan sakrab qochgan. Oradan ikki kun o‘tib, 12 yanvar kuni u o‘z oyog‘i bilan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga so‘roqqa kelgan.
O‘zbekistonda Jamg‘irchiyevga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Birinchisi firibgarlik, ikkinchisi esa davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan esa unga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamg‘irchiyev hozirda qidiruvga berilgan. O‘zbekiston tomoni ham uni hibsga olishga qaror chiqargan.
Shuningdek, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Kabar” Qirg‘iziston axborot agentligiga bergan intervyusida aytishicha, Emil Jamg‘irchiyev o‘zbekistonlik taniqli kriminal avtoritet Salim Abduvaliyevdan ikki kishini o‘ldirishda yordam so‘ragan.
Jamg‘irchiyevga qo‘yilgan ayblov
2020 yilda Emil Jamg‘irchiyev va Baktibek Qalmuratov kontrabanda bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ish yuzasidan savollarni ijobiy hal etish uchun tadbirkordan pora olganlikda ayblangan edi. Jabrlanuvchi Emir Emilkanov ayblanuvchiga qo‘ygan da’volaridan voz kechdi. Birinchi may tuman va Bishkek shahar sudlari har ikki ayblanuvchini jinoyat isboti yo‘qligi uchun oqladi.
2022 yil 6 dekabrda Bosh prokuratura Oliy sudga Emil Jamg‘irchiyevga nisbatan oqlov hukmini bekor qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritgan. 26 dekabr kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi deputat qidiruvda ekani haqida xabar tarqatgan. Jamg‘irchiyev kelganidan keyin u otasiga qarash uchun to‘lovsiz ta’tilga chiqqani ma’lum bo‘lgan. Natijada, 2023 yil yanvar oyida Qirg‘iziston Respublikasi Oliy sudi ishni qo‘shimcha tergovga yubordi.
LiveBarchasi