Saxalinda migrantlarga 24 sohada ishlash taqiqlandi
Olam
−
15 noyabr
6026Rossiyaning Saxalin viloyati hukumati muhojirlarga 24 sohada ishlashni taqiqladi. Bu haqda viloyat hukumati veb-saytida ma’lim qilindi.
Unga ko‘ra, chet el fuqarolari non ishlab chiqarish, oziq-ovqat chakana savdosi, restoranlarda va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, maktabgacha va boshlang‘ich umumiy ta’lim, xavfsizlik xizmati faoliyati, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi taksisi va haydovchi bilan avtoulovlarni ijaraga olish kabi sohalarda ishlay olmaydi.
“Bundan tashqari, migrantlar bolalarni kunduzgi parvarish qilish, binolar va sanoat uskunalarini dezinfeksiya qilish, aloqa uskunalarini ta’mirlash va boshqa tashkilotlarda ishlay olmaydi. Shuningdek, jismoniy shaxslarga chet elliklarni uy xo‘jaliklarida, shu jumladan tovar ishlab chiqarishda ishlashga jalb qilish taqiqlanadi”, deyiladi xabarda.
Cheklovlarga rioya qilmagani uchun yuridik shaxslarga 1 million rublgacha jarima solinadi. Ushbu farmon 2025 yil 1 yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda Rossiyaning boshqa mintaqalarida chet el fuqarolari uchun ko‘plab cheklovlar joriy etilgan. Ular orasida Kaliningrad, Lipetsk, Novosibirsk, Kursk, Omsk, Irkutsk va Voronej viloyatlari bor. O‘tgan yil oxiriga kelib, 10 ta mintaqa migrantlarni alohida sohalarda ish bilan ta’minlashni taqiqladi. Cheklovlar Tula, Chelyabinsk, Magadan, Kaluga, Tyumen va boshqa viloyatlarda ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yildan boshlab Rossiyaning Moskva viloyatida migrantlar uchun patent narxi 8,9 ming rublgacha oshirilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Moskva viloyatida chet ellik ishchilarni alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi, ko‘cha ovqatlari, ijtimoiy xizmatlar, sport, madaniyat, dam olish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida patent asosida ishga jalb qilish taqiqlanishi mumkinligi ham xabar qilingan.
Muhammad Hodiyev