Saidov Lavrovdan ichki ishlarga aralashmaslikni talab qildi
Jamiyat
−
27 Sentabr
15853Kecha, 26 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilishi muhimligi ta’kidlandi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
"O‘zaro ishonchni mustahkamlash yo‘lida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligi ta’kidlandi. Biz ittifoqchilik ruhidagi doimiy muloqotimizni davom ettirishga kelishib oldik", deydi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri.
Shuningdek, vazirlar strategik sheriklikning dolzarb mavzulari, shuningdek, bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan atroflicha suhbat o‘tkazgan. An’anaga ko‘ra, hamkorlik kun tartibi keng bo‘lib, barcha sohalarni qamrab olgan.
Rossiya TIVning mazkur uchrashuv haqidagi bayonotida esa vazirlar millatlararo murosasizlik ko‘rinishlariga qarshi kurashish zarurligiga alohida e’tibor qaratgani aytiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabda o‘qituvchi rus tili darsida o‘quvchisini kaltaklagani haqida xabar berilgan edi. Shundan so‘ng Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiya tomoni O‘zbekiston tomonidan voqea yuzasidan rasmiy tushuntirish berishni so‘raganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva bu masalani "eng diqqat markazida" tutmoqda.
Bunga javoban Alisher Qodirov “Bizni ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa to‘g‘ri bo‘lar edi”, degandi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja esa O‘zbekiston ichki ishlariga tashqaridan aralashuvni qabul qilmasligini aytdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov esa “fikr beruvchi”, “yo‘l ko‘rsatuvchi”larga aslo ehtiyoj yo‘qligini ta’kidladi.
Voqealar fonida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Botirjon Asadovga taqdimnoma kiritdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr