Saidov Lavrov bilan qo‘ng‘iroqlashdi
Olam
−
16 avgust
3271Kecha, 15 avgust kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda Rossiya-O‘zbekiston hamkorligining dolzarb masalalari, jumladan, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada yaxshilash, mintaqaviy va xalqaro vaziyat, shuningdek, bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar muhokama qilingan.
Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlarining suhbati Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning joriy yil may oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan bo‘lib o‘tgan.
Tomonlar Moskva va Toshkent o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilikni, jumladan, BMT va turli ko‘p tomonlama integratsiya platformalarida birgalikda ishlashni chuqurlashtirish maqsadida diplomatik sa’y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirishga sodiqligini tasdiqlagan.
“Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov janoblari bilan telefon orqali muloqot qildik. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida turli darajada bo‘lajak tadbirlar jadvali ancha keng. Davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishda har ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari barcha imkoniyatlarini ishga solishadi. Biz, shuningdek, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarni, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shakllardagi hamkorlikni boyitish masalalarini muhokama qildik”, deb yozgan Baxtiyor Saidov Telegram-kanalida.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 avgust kuni O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgandi.
LiveBarchasi