“Saidaziz medgorodok” ishi: Hukm o‘zgarishsiz qoldi

3-sahifa

2023 yilning dekabr oyida tovlamachilik ayblovi bilan qo‘lga olingan, keyinchalik Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan aybli deb topilib, 20 yilga qamalgan Saidaziz Saidaliyevga o‘qilgan sud hukmi appelyatsiya instansiyasi tomonidan o‘zgarishsiz qoldirildi.

Yodingizda bo‘lsa, 2023 yilning noyabr-dekabr oylarida respublikada kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida o‘zini ko‘cha bolalari deb tanishtirgan bir nechta guruhlar qo‘lga olingani aytilgan edi. 

Ular orasida 1987 yilda tug‘ilgan, odamlar orasida“Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev ham bo‘lgan. Qo‘lga olinganda faqatgina “tovlamachilik” bilan ayblangan Saidaliyev keyinchalik Jinoyat kodeksining 6 ta moddasida qayd etilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod sudida bo‘lib o‘tgan birinchi instansiya sudiga sudya Mirzajonov raislik qildi. O‘shanda Saidaziz Saidaliyev yolg‘iz emasligi, balki u bilan birga jinoyat sodir etganlar soni jami 28 nafar ekani ma’lum bo‘ldi. Sudlanuvchilardan jabr ko‘rganlar esa 30 dan ortiq ekani aytildi. 
 
“Saidaziz medgorodok” va u bilan birga jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan jami 29 nafar sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayblangan. 

Ular: 

  • 112-modda (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish);
  • 165-modda (Tovlamachilik);
  • 168-modda (Firibgarlik);
  • 182-modda (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish); 
  • 227-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ularga tegishli tirkamalarning (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish);
  • 228-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish);
  • 229-modda (O‘zboshimchalik);
  • 236-modda (Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish);
  • 237-modda (Yolg‘on xabar berish);
  • 238-modda (Yolg‘on guvohlik berish); 
  • 242-modda (Jinoiy uyushma tashkil etish);
  • 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish); 
  • 277-modda (Bezorilik);
  • 28, 211-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar.

Dastlabki sud majlislarida so‘z olgan Saidaliyev aybiga qisman iqror ekanini bildirgandi.  

“Hurmatli sudya, [guvohlik berganlarni] jabrlanuvchi deymizmi, tuhmatchi deymizmi? To‘g‘ri qilgan jinoyatlarim bor, lekin ular aytgan darajada emas. Kelib, noto‘g‘ri gapirib chalg‘itayotgan joylari ham bor. Men aybimga qisman iqrorman”.

5 avgust sanasiga kelib, sudlanuvchilarga sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra, Saidaziz Saidaliyev Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari, 168-moddasi 4-qismi “a”, “v” bandlari, 28,211-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari, 242-moddasi 1-qismi, 243-moddasi va 277-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangandi.

Oradan ko‘p o‘tmay Saidaliyev sud hukmidan norozi bo‘lib, appelyatsiya instansiyasiga murojaat qilgan. 27 noyabr kuni Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati appelyatsiya instansiyasi, sud binosida bo‘lib o‘tgan sud majlisida raislik qiluvchi sudya Muzaffar Ahmedov Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2024 yil 5 avgustdagi hukmining Saidaliyev Saidaziz Saidaglamovich va boshqa sudlanuvchilarga oid qismini o‘zgarishsiz, appelyatsiya protesti va appelyatsiya shikoyatlarini qanoatlantirmasdan qoldirgan. 

Eslatib o‘tamiz, “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev ham qo‘lga olingan u ham Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining hukmi bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyev (“Salimboyvachcha”) ham Toshkentning Fayzobod dahasida joylashgan uyidan olib ketilgan.

Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida bo‘lib o‘tgan yopiq sud majlisida Salim Abduvaliyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasi 2-bandi bilan (noqonuniy qurol-yarog‘ saqlash) aybdor deb topilgan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tattirilish belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Saidaziz medgorodok Saidaziz Saidaliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing