“Saidaziz medgorodok”ga yana bir ish bo‘yicha hukm o‘qildi

3-sahifa

image

“Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyevga tovlamachilik jinoyati bo‘yicha yana bir hukm o‘qildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining joriy yilning 29 oktyabr kuni chiqargan hukmiga ko‘ra, Saidaziz Saidaliyev I.S. va boshqa shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, 2023 yil yanvar oyining boshlarida Yashnobod tumanining Nodira mahallasidagi uylardan biriga borib, B.K.ga go‘yoki tadbirkorlikdagi sobiq sherigidan 700 ming AQSH dollari miqdorida qarzdor ekanini aytgan.

Tadbirkor ularga qarshilik ko‘rsatganida Saidaziz Saidaliyev qurol sifatida pichoq hamda to‘pponchadan foydalanib, 700 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni bermasa sog‘lig‘iga, oilasiga, tadbirkorligiga jiddiy zarar yetkazib, otib tashlash, o‘ldirib yuborish bilan tahdid qilib, tovlamachilik harakatlarini sodir etgan.

Sud majlisida Saidaziz Saidaliyev va I.S. tovlamachilik qilmaganini aytib, aybiga umuman iqror bo‘lmagan hamda adolatli hukm chiqarishni so‘ragan.

Jabrlanuvchilar – B.K. hamda D.B. esa o‘z ko‘rsatmalarida sudlanuvchilar pichoq va to‘pponcha bilan tahdid qilgani, otib tashlash bilan qo‘rqitishganini aytgan.

Sud Saidaziz Saidaliyevni Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni (juda ko‘p miqdorda hamda uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan tovlamachilik) sodir etganlikda aybdor deb topgan. Unga jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2024 yil 5 avgustdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talgan qismini qisman qo‘shgan holda uzil-kesil 20 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilangan.

I.S. ham Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasi bandlari bilan aybli deb topilgan. Unga Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2024 yil 5 avgustdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talgan qismi qisman qo‘shgan holda uzil-kesil 5 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

hukm Saidaziz Saidaliev “Saidaziz medgorodok”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing