Saida Mirziyoyeva “Zakovat” kastingidagi nutqini Qur’on bilan boshlab, hadis bilan yakunladi

Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, bugun, 28 fevral kuni “Humo Arena” muz saroyida “Zakovat” teleo‘yinining Toshkent shahri hamda Toshkent viloyati uchun intellektual kastingi o‘tkazildi.

Unda “Zakovat”da ishtirok etish ro‘yxatdan o‘tgan minglab bilimdonlar va loyihani otalig‘iga olgan Milliy mass-mediani rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi.

Tadbirda Milliy mass-mediani rivojlantirish jamoat fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva nutq so‘zladi. Uning nutqini Qur’oni Karimdan iqtibos keltirib boshlashi barcha uchun kutilmagan holat bo‘ldi.

“Bismillahir rohmanir rohim

“يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ ”

Ya’ni “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba) larga ko‘tarur…” – Mujodala surasi, 11-oyat.

Assalomu alaykum, bilimdonlar!

Har bir insonning hayotda maqsadi bo‘ladi. Biz bu yerga yagona va ulkan maqsad – mamlakatimizni jahon intellektual maydonida yuqori darajaga chiqarish uchun yig‘ildik.

Bugun ushbu tadbirga turli yosh, turli mavqedagi, dunyoqarashi va xarakteri har xil bo‘lgan talabalar, ishchi, xizmatchi, pensionerlar to‘plangan. To‘g‘ri, biz bir-birimizga o‘xshamaymiz. Lekin hammamizni birlashtirib turgan maqsad bor – Ilm! Biz esa bugun ochayotganimiz – “Ilm” deb ataluvchi bir kitobning sahifalarimiz.

Hayot bu universitet. Uni samarali va yaxshi natijalar bilan yakunlash juda muhim. Ta’lim olish, imtihon topshirish, olingan bilimlarni qo‘llash va munosib baholanish… Qanday baho olishimiz faqat o‘zimizga bog‘liq”, dedi Saida Mirziyoyeva.

U tadbir ishtirokchilariga qarata inson oldiga maqsad qo‘yib, harakat qilsa, albatta, unga erishishini, siyosiy, ijtimoiy muhit oddiy bahonadan boshqa narsa emasligini ta’kidladi.

“Ko‘rib turibmanki, bugun bu zalda eng yuqori bahoga, o‘zidan yorqin iz qoldirishga intilganlar yig‘ildi. Bunga ishonchim komil!

Insonning xayollari, umid va maqsadlari qanday bo‘lsa, undan qoladigan iz ham shunday bo‘ladi.

Yashashdan maqsad shunchaki kun o‘tkazish emas. Ishonch bilan aytamanki, odam oldiga chinakam maqsad qo‘ysa, niyati ezgu bo‘lsa, albatta o‘ylaganiga erishadi.

Siyosiy jarayonlar, jamiyatdagi vaziyat, turli sabablarni ko‘rsatib, harakatsizlikni oqlashga urinish – bularning hammasi shunchaki bahonadir”, deydi Mirziyoyeva.

U so‘zida davom etib, zalda o‘tirganlar orasida qizlar ham borligidan xursandligini aytib o‘tdi. Shuningdek, buyuk insonlar ortida ham bir ayol turishiga ham to‘xtalib, ixtirochi-tadbirkor Ilon Maskni misol qilib ko‘rsatdi.”

“Opa-singillarim! Siz bizning faxrimizsiz! Sizda orzu-maqsadlarimiz timsolini ko‘ryapmiz. Xotin-qizlarimiz qanchalik faol, ilm-fan, madaniyat va tadbirkorlikka, siyosiy jarayonlarga qancha ko‘p hissa qo‘shadigan bo‘lsa, yurtimizda baxtli va hayotidan mamnun ayollar shuncha ko‘p bo‘ladi. Aminmanki, xonadonida namunali beka, pazanda opa-singillarimiz o‘zlarini ilm maydonida ham bemalol namoyon qila oladilar.

Keyingi paytda Ilon Mask tez-tez tilga olinyapti. Ammo men uning onasi - Mey Mask haqida gapirmoqchiman. Mey 71 yoshida “Rejasi bor ayol” nomli kitobini yozdi.

Kitobni o‘qiganlar Ilon Mask nega aql bovar qilmaydigan maqsadlar bilan yashashini tushunadi. Farzand shakllanishida onaning, oilaviy muhitning ahamiyatini ko‘radi.

Meyning ota-onasi juda ajoyib insonlar bo‘lgan ekan. Olim otasi bir umr Pretoriyada yo‘qolib ketgan qadimiy shaharni izlagan. Orzusiga yetish uchun oilasi bilan Kanadadan Janubiy Afrikaga yo‘l olgan.

Shunchaki 5 nafar yosh bolasini olganu, orzusi sari dunyoning narigi chekkasiga qarab yo‘lga chiqqan! Odamlar ularni aqldan ozgan deyishgan, Afrikada esa “telba amerikaliklar” deb laqab ham qo‘yishgan. Ammo bu oila gap-so‘zlarga parvo qilmay, yillar davomida 60 ga yaqin mamlakatga sayohat qilgan.

Pretoriya ustidan parvoz qilayotganda gullayotgan binafsha daraxti – jakarandani ko‘rgan Ilonning buvasi “Qanday ajoyib joylar ekan, shu yerda qolamiz!”, dedi. Shunchaki yoqtirdi, qo‘ndi va qoldi.

Endi o‘ylab ko‘ring, Ilon Maskni bilimga qiziqtirgan, go‘zallikni sevishga o‘rgatgan onaning o‘zi qanchalik erkin muhitda shakllangan ekan. Uning hayoti silliq kechmagan, ko‘p qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan. Ammo maqsadi sari intilishdan to‘xtamagan.

Agar baxtli bo‘lishni maqsad qilsak, bizga hech kim to‘sqinlik qila olmaydi. Tanlov erkinligi – insonga taqdim etilgan bebaho ne’mat. Pastga qarab ketamizmi, yoki gap-so‘zdan qo‘rqib, joyimizda qotib turamizmi, yoki yuqori ko‘tarilib, boshqalar yeta olmagan cho‘qqilarga intilamizmi, xullas ertangi kunimiz o‘zimizga bog‘liq. Tanlov o‘zimizda!

Men bu kitobdan ko‘p narsa oldim. Nega xotirjam uyda o‘tirishga sharoitim bo‘la turib, ertadan kechgacha faoliyatdaman?! Chunki to‘qqiz yoshli qizimga o‘rnak bo‘lishni istayman, uni hayotni mustaqil boshqarishga, mehnatga, to‘g‘ri tanlov qilishga o‘rgatmoqchiman. U hali juda yosh bo‘lsa-da, katta zafarlarga erishgan ayollarning biografiyalarini o‘zi qiziqib o‘qiydi. Va bu men uchun juda muhim”, deydi u.

So‘zida davom etarkan Mirziyoyeva “Zakovat” klubi – erkaklar bilan teng ravishda ayollar uchun ham omad tramplini; intellektlarni birlashtiruvchi makon; mamlakatni oldinga yetaklaydigan kuchdir, deya e’tirof etdi.

“Zakovat – bu bizning uchar gilamimiz, avtomobilimiz, samolyotimiz,  raketamizdir! Biz esa imkonsiz narsa yo‘qligini biladigan sayyohlarmiz. O‘zimiz istagan manzilga parvoz qilib, gullar chaman  ochilib yotgan zaminga albatta yetamiz!

So‘zimning oxirida Mirzo Ulug‘bek tomonidan Buxorodagi madrasa eshigiga bitilgan hadisi sharifni keltirmoqchiman: “Ilm olishga intilish har bir muslim va muslima uchun farzdir”, deya so‘zini yakunladi Saida Mirziyoyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva Zakovat

Baholaganlar

290

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing